Qosimjon mashinada xotinini bir aylantirmoqchi bo’lib turganda, eshik taqillab qoldi. Chiqsa singlisi bilan kuyovi. Aka-singil o’rtasida andak gap qochganidan ular anchadan beri ko’rishishmagan edi. Qosimjon katta boshini kichik qilib yo’qlab borolmadi, singlisi har qalay ayol kishi emasmi, o’zi eshik qoqib keldi. Qosimjonning boshi osmonga yetdi. Xotini to sabzi-piyozini qovurib bo’lguncha, gir etib borib, bitta konyak topib kelmoqchi bo’ldi. Kuyovining hayhaylashiga ham qaramay, darvozani ochib mashinani olib chiqdi. Yangi «Moskvich» oftobda yaraqlab yel quvib ketdi.