Otam bu hikoyasini boshlagan vaqtda mening vujudimni qo’rquv o’rab olar edi-da, ichimdan: «Meni ham shunday jinlarga yo’liqtirma», deb tangriga yolborib qo’yar edim.
Kecha xolam bizning uyga mehmon bo’lib kelgan edi. Kechasi oshdan keyin otam, oyim, xolam uchovlari choy ichishib o’ltirar va o’tgan-ketgandan so’zlashar edilar. So’z aylanib kelib yana o’sha jinlar, parilar, devlar to’g’risida to’xtadi. Otam bo’lsa o’zi ko’rgan «jinlar bazimi»ni so’zlashdan yana tiyilolmadi. Otamning bu hikoyasi, yuqorida so’zlaganimcha, mening uchun ortiqcha vahimali bo’lganidan darrov o’rnimga kirib, ko’rpamga burkanib yotib oldim. Otam menga bir kulib qaradi-da, «jinlar bazimi»dan so’z ochdi: