Bolangdan aylanay, Ivan bolam, sen insofli odam ekansan. Yoningdagi ukkiko’z sheriging, xafa bo’lmaginu, tug’ilganidan beri insof ko’chasidan o’tmagan bo’lsa kerak. Boradigan yerimni tuzukroq anglamasdan turib otning kallasiday pul so’radi-ya! Men puldan qochganim yo’q, muomalasidan ranjidim. Ko’rib turibsanki, ro’parangdagi odam qariya bo’lsa, musofir bo’lsa, shunga yarasha izzat qilmaysanmi, a? Doim mashinada xizmat qilganingdan keyin odamlarning roziligini ol, duosini ol. Olmadingmi, kuniga million so’mlik kira qilsang ham barakasi bo’lmaydimi. To’g’rimi, Ivan bola? Nima, oting Stanislavmi? Endi ko’nglingga olma, biz tomonlarda sendaqa malla yigitlarni «Ivan» deb o’rganib qolganmiz. Bu yaxshi ism. Mening ismimmi? Egamberdi buva. Ha, aytishga qiyin, lekin yaxshi ism.