Trestdan xafa bo’lib chiqdi u: «…shunaqa, Ismatvoy, - deyishdi, - intizom qattiq bizda, - ertalab soat sakkizdan kech soat…» Tag’in maoshi sakson so’m emish. Bor-yo’g’i sakson so’m, a? Institutni bitirgan bo’lsa-ku, keyinroq kattaroq bir ishga ko’tarilish mumkin edi. O’rta maxsus ma`lumoti bilan… umri yugurdaklikda o’tib ketadi endi. Hali ham kech emas. Politexnika institutiga kiradi. E-e, onasi omon bo’lsin. Ham uni uylantirmoqchi, ham uy olib bermoqchi. Bugun xo’roz qichqirmay turib, Barlosga ketgan. O’sha qishloqda Ismatning xolasi turadi. Xolasining oyday qizi bor. «Shuni olib beramiz, shu qishloqda yashaysan. Rayonga qatnab ishlayverasan», degan onasi. «Ichkuyov bo’lib, a?» - «Nega endi? Rahima xola degan uyini sotayotgan ekan…» . «Shuni olib berasizmi?» - «Ha». Ana shunaqa. Diploming bo’lsa, ishing, uy-joying, tag’in oyday xotining ham bo’lsa, yana nima kerak o’zi? Yap-yangi kostyum kiyib, galstuk taqi-ib yuradi. Boradi, sakkiz soat ishlaydimi, yo’qmi, qaytib kelaveradi.