O’sha tog’ safaridan so’ng menda shunday bir fikr paydo bo’lgan edi: «Endi birovga yoqaman deb hech urinmayman. Yo’qolsin xushomadgo’ylik!»
Bir kuni — o’shanda qish edi — bozor oqshomi dars tayyorlab bo’lib, deraza yonida turgandim. Tashqarida shitirlab qipikday quruq qor yog’ar, ayvon ustunidagi chiroq yorug’ida yiltillab, aylanib-aylanib tushardi.
Darvoza taqillab qoldi. «Otam keldi», deb o’yladim. Qarindoshimiz to’y qilib, bizni chaqirtirgan edi. Onam yosh go’dagi borligi uchun, men darsim ko’pligi uchun uyda qolgandik — otam ketgan edi. Pidjagimni kiymasimdan, xonam devori dukulladi. Tushundim: narigi uydan onam dukullatyapti — darvozani och, degani.