Qish bilan bahor jangi – ayamajuz kechalaridan birida men sizlarga Amir Temur haqidagi afsonalarning birini hikoya qilib berish maqsadida qo’limga qalam oldim.
Bu afsonani to’qiganlar unga qanday nom berganlaridan bexabarman, men uni «Amir Temur o’g’lining o’limi» deb atadim. Menga uni bir do’stim gapirib bergan edi, do’stimning aytishicha, bu qadim afsonani u talabalar shaharchasida yashagan afg’onlardan eshitgan ekan.
Afsonani hikoya qilib berishdan avval, ikki narsa haqida biroz bo’lsa-da, to’xtalib o’tmoqchiman. Eng avvalo, «afsona o’zi nima?», degan savolga javob izlamoqchiman. Odatimni kanda qilmagan tarzda, o’zining nomukammalligi bilan mashhur «O’zbek tilining izohli lug’ati»ga qarayman. Mana, lug’atning 1 jild 63-betidagi «Afsona» so’ziga yozilgan izoh: «1. Avloddan avlodga, og’izdan og’izga o’tib kelgan fantastik, ba`zan diniy mazmundagi hikoya, rivoyat, doston… 2. Ko’chma: asossiz gap, yolg’on-yashiq uydirma… 3. Ko’chma: aql bovar qilmaydigan, aqlga sig’maydigan mislsiz narsa, ish».