Organizmning tashqi va ichki muhitidan tinmay kelib turadigan ta`sirotlarni idrok etib, analiz (tahlil) qiladigan murakkab nerv mexanizmlaridan iborat anatomik-fiziologik tizimlariga analizatorlar deyiladi. Analizatorlar markazga intiluvchi nerv tolalari orqali markaziy asab tizimi va uning oliy qismi bo’lmish bosh miya katta yarim sharlarining po’stlog’i bilan aloqador maxsus sezuvchi hujayralar to’plangan sezgi organlarini o’z ichiga oladi. Sezgi organlarga - ko’rish, eshitish, muvozanatni saqlash, hid bilish, ta`m bilish, muskul-bug’im yoki harakat, teri sezgisi va vitsceral sezgi organlari kiradi.