“Elektr injiniring” fani kimyo-texnologiya institutining barcha mutaxassiliklarida deyarli bir xil reja asosida o`qitiladi va laboratoriya mashg`ulotlari soati barcha mutaxassisliklar uchun bir xil bo`lib 18 soatni tashkil etadi. Birinchi mashg`ulot texnika xavfsizligi talablari bo`yicha bo`lib, bu darsda talabalarga yetkazilishi lozim bo`lgan asosiy tushunchalar va texnika xavfsizligi talablari, shuningdek texnika xavfsizligi yo`riqnomasini o`tkazish qaydnomasi ilova qilingan. Jami 18 soat dars davomida talabalar 9 ta laboratoriya ishini amalda bajaradi. Har bir darsda (2 soat) bittadan laboratoriya ishi bajariladi. Bitta darsda butun guruh bitta laboratoriya ishini kichik guruhlarga bo`lingan holda bajaradi. Har bir kichik guruh bilan laboratoriya ishining sxemasi qaytadan yig`iladi va bu talabalarning elektr sxemalarini yig`ish, o`lchov qurilmalarini sxemaga ulash va ulardan foydalanish kabi amaliy ishlarni bajarish ko`nikmalarini hosil qilishida muhim rol o`ynaydi.