Inson o’zini o’rab olgan dunyo bilan to’la uyg’unlikda o’smog’i va yashamog’i lozim. Tabiatni mag’lub qilmasdan, aksincha, unda ana shu uyg’unlikni topmog’i, uning qudratiga qudrat qo’shmog’i zarur. Tabiatdagi har bir o’zgarish, har bir yangilik odam bolasi qalbiga, shuuriga ta`sir qilmasdan iloji yo’q. Azaldan inson tabiatning eng go’zal tomonlarnini o’zlashtirishga, uning ulug’vorligidan ta`lim olishga intiladi. U mukammallik, uyg’unlik, go’zallikning oliy andozasini tabiatdan oladi. Chunki, tabiat bekamu-ko’stdir, uning tugalligiga, bir butunligiga zavol yetmasligini ta`minlash kishining chinakam insoniyligidir va uning tarbiyalanganligidan dalolat beradi.