Ehtimol, sizda ham shunday hollar bo`lgandir: tun yarmidan oqqanda birdan uyg`onib ketasiz. Shiftga tikilib yotaverasiz, yotaverasiz... Avvaliga chiqillab turgan soat ham bora-bora tinib qolgandek bo`ladi. Uy jimjit, deraza jimjit, qorong`i osmon jimjit. Hatto shamol ham qilt etmaydi. Shu qadar og`ir sukunat cho`kadiki, quloqlaringiz shang`illab ketadi. Zildek yuk ustingizga yopirilib, vujudingizni yerga mixlab tashlaydi; tanho, ojiz bir narsaga aylanib qolasiz. Go`yo butun dunyo bir tarafu siz o`zingiz bir taraf... Shunday paytda mening ko`z o`ngimda to`satdan onam paydo bo`ladi. Qorong`i xonaning bir burchidan chiqib keladi-da, ma`yus jilmaygan ko`yi boshim ustiga egiladi. Yillar zahmatidan dag`al tortgan barmoqlari bilan peshonamni silagandek bo`ladi... O`pkam to`lib, o`zimni tutolmayman. Birdan tush kabi uzuq-yuluq xotiralar yopiriladi, yuragim gursillagancha o`rnimdan turib ketaman.