O`zbekiston Respublikasi inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishini, jamiyatning ma’naviy yangilanishini, ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirishni va Jahon hamjamiyatiga qo`shilishini ta’minlaydigan demokratik huquqiy davlat hamda ochiq fuqarolik jamiyatini qurmoqda.
Inson har tomonlama kamol topishi va farovonligi, shaxs manfaatlarini ro`yobga chiqarishning sharoitlari va mexanizmlarini yaratish, eskicha tafakkur va ijtimoiy xulq-atvor andozalarini o`zgartirish, respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi va harakatlantiruvchi kuchidir. Xalqning boy zamonaviy madaniyati, iqtisodiyot, fan, texnika va texnologiya sohasidagi yutuqlari asosida mutaxassislar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish O`zbekiston taraqqiyotining muhim shartidir. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek: «… bugungi kunda oldimizga qo`ygan buyuk maqsadlarimizga, ezgu- niyatlarimizga erishishimiz, jamiyatimizning yangilanishi, hayotimizning taraqqiyoti va istiqboli amalga oshirilayotgan islohotlarimiz, rejalarimizning samarasi taqdiri – bularning barchasi, avvalombor, zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali, ongli mutaxassis kadrlar tayyorlash muammosi bilan chambarchas bog`liqligini barchamiz anglab yetmoqdamiz » 1.