Bugungi kunda nafaqat ayrim xalqlar, balki butun jahon hamjamiyati falsafaga, o’zining hayotdagi o’rni va vazifasini falsafiy anglab etishga ayniqsa muhtojdir.
Falsafa real hayot bilan uzviy bog’liq va doim inson borlig’ining eng muhim muammolarini anglab etishga qarab mo’ljal oladi. Ayni shu sababli hozirgi davrning muhim muammosi – insonni shaxs sifatida tarbiyalash va kamol toptirishda falsafaning roli va ahamiyatidir.
Hozirgi zamon faylasuflari bunday muammolarni echish ustida ishni davom ettirar ekanlar, "Falsafa nima? U kimga va nima uchun kerak?", "Falsafaning vazifasi nimadan iborat?", "Falsafadan qanday, qaysi yoshdan va nima maqsadda tahsil berish lozim?" qabilidagi bir qarashda allaqachon o’z echimini topgan masalalarni yana kun tartibiga qo’ymoqdalar. Bu haqda ko’p va atroflicha so’z yuritilgan jahon kongresslari dunyoda falsafa predmetiga, shuningdek u ijtimoiy rivojlanishga izchil ta`sir ko’rsatishga qodir yoki qodir emasligiga, agar qodir bo’lsa, buni u qay tarzda amalga oshirishi mumkinligiga nisbatan yagona yondashuv avvalgidek mavjud emasligini tasdiqlaydi. Fikrlarning bunday rang-barangligi, falsafaning o’ziga xos xususiyati, ya`ni u fikrlar plyuralizmi, har xil fikrlash imkoniyati bor joydagina mavjud bo’lishi mumkinligi bilan belgilanadi.