2023 Yildan yakuniy imtihonlarni DTM olishi rostmi?
Savol: Ijtimoiy tarmoqlarda 2023 o‘quv yilidan boshlab yakuniy imtihonlarni davlat test markazi olishi, yakuniy davlat imtihonlaridan o‘ta olmagan o‘quvchilar esa attestat ham ololmay qolishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Bu xabarlar rostmi? Agar rost bo‘lsa uning qonuniy asosi bormi?
Javob: Yo‘q. 2023 o‘quv yilida yakuniy imtihonlarni davlat test markazi olmaydi. Bunday tartib 2023 yildan emas, 2024 yildan boshlab amaliyotga tadbiq qilinishi mumkin. Ammo bu hozircha qaror loyihasi ham tayyorlanmagan taklif hisoblanadi.
Haqiqiatdan ham bitiruvchilardan yakuniy davlat imtihonlarini davlat test markazi oladi degan gap bor. Bu haqda o‘tgan yili Davlat test markazi direktori Majid Karimov
«Xpressuz» nashriga bergan intervyusida
ma’lum qilgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa aynan o‘sha intervyuning bir qismi kesib olinib tarqatilgan.
Buning qonuniy asosiga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 may kungi PQ-241-sonli qarorining 10-bandida Davlat test markazi 2024 yildan boshlab umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari hamda kasb-hunar maktablari bitiruvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasini Davlat test markazi tomonidan imtihonlar shaklida o‘tkazishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozimligi aytilgan. Ya’ni qaror loyihasi taklifi endi ishlab chiqiladi.
O‘zbekistonda faqat normativ-huquqiy hujjatlar muayyan yuridik kuchga ega bo‘ladi. Yakuniy imtihonlarni davlat test markazi olishi haqida esa hozircha hech qanday me’yoriy hujjat qabul qilinmagan. Shu sababli 2023 yildan boshlab yakuniy imtihonlarni davlat test markazi oladi deb aytish biroz noto‘g‘ri bo‘ladi.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:00:28