PISA-shok nima ? U Oʻzbekistonda ham roʻy berishi mumkinmi ?
Oʻzbekiston 2021-2022-yillarda ilk marotaba taʼlim sifatini baholash boʻyicha PIRLS, PISA va boshqa xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etadi.
2000-yildan buyon har 3 yilda oʻtkazib kelinayotgan, 2022-yilda 90 ga yaqin davlat ishtirok etishi rejalashtirilayotgan PISA tadqiqotlarida 15 yoshli oʻquvchilarning oʻqish savodxonligi, matematika va tabiiy fanlar yoʻnalishlari boʻyicha bilimiga baho berildi.
PISA tadqiqotlarida oʻquvchi dasturni oʻzlashtirganligi emas, balki bilim va koʻnikmalarni hayotda qay darajada qoʻllay olishi baholanadi.
Taʼkidlash joizki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan tashkil etilgan PISA xalqaro tadqiqotlari dunyo boʻyicha umumiy oʻrta taʼlim tizimiga oid eng nufuzli axborot manbalaridan biri hisoblanadi.
Muhtaram Prezidentimiz joriy yil Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida ham mazkur tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish masalasiga alohida toʻxtalib, oʻqituvchilar malakasini oshirish, bunda ilgʻor xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik qilish boʻyicha aniq vazifalar belgilab bergan.
Maʼlumki, ushbu tadqiqotlarda ilk marotaba ishtirok etgan davlatlardagi taʼlim sifati oʻzlarida mavjud milliy vositalar orqali yuqori baholanib kelgan. PISA natijalari esa ular kutgandan koʻra ancha past boʻlgani uchun ham ushbu holat PISA-shok (kutilmagan natija) deb nomlanadi.
Xususan, 2000-yilda PISAning birinchi natijalari germaniyalik oʻquvchilarning boshqa mamlakatlardagi tengdoshlariga nisbatan bilim darajasi pastligini koʻrsatgan. Yaʼni ushbu mamlakat 2000-yilda 32 ta davlat oʻrtasida 25-oʻrinni egallagan va bu holat PISA-shok deb nomlangan. Shundan soʻng, Germaniya taʼlim sohasida bir qator islohotlar amalga oshirilgan va taʼlim sifatida oʻsish kuzatilgan. Germaniyalik oʻquvchilar 2006-yilda oʻtkazilgan tadqiqotlarda 57 ta davlat oʻrtasida 14-oʻrinni, 2015-yilda 71 ta davlat oʻrtasida 13-oʻrinni hamda 2018-yilda 79 ta davlat oʻrtasida 17-oʻrinni egallashdi.
Xalqaro tadqiqotlarga munosib tayyorgarlik koʻrishda bir paytlar PISA-shokni boshidan oʻtkazgan va taʼlim sifatini yaxshilash boʻyicha oʻz vaqtida amalga oshirilgan islohotlar sabab, bugungi kunda ushbu tadqiqotlarda yuqori natijalarni qayd etib kelayotgan davlatlar tajribasini oʻrganish va tahlil qilish muhim ham ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda, joriy yilning 9-oktyabr kuni Taʼlim inspeksiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tomonidan Bremen Universiteti (Germaniya), Texnika va taʼlim instituti kasb-hunar va mehnat bozori loyihalari koordinatori Akromjon Matkarimov ishtirokida “Germaniyada “PISA-shok” dasturi va uning taʼlim tizimiga taʼsiri” mavzusida xalqaro onlayn vebinar tashkil etildi.
Manba:
Tdi.uzJoylangan vaqt: 2022-08-27 21:49:42