Mashhur tobe’iy, yetuk olim, taqvodor inson Molik ibn Dinor ko‘p sahobalar ichida, ulardan ibrat olib ulg‘aydi. Otasi Dinor kitob va nomalarni qalam haqi evaziga yozar, shu ishdan kelgan daromad bilan tirikchilik qilardi. Butun umri eski, yamoq kiyimlarda, obi yovg‘on bilan o‘tgan bo‘lsa ham, biror marta nolimagan sabrli kishi edi.
Otasi kabi chiroyli xulqli, zohid kishilardan bo‘lmish Molik ibn Dinor hammaga ochiq yuz bilan qarar, butun vujudida islom nishonasi yarqirardi. Ulug‘ sahobiy Anas ibn Molik (r.a.) u zotdagi savlat, viqor, taqvo, axloq va ilm darajalarini e’tirof etib, haqqiga ko‘p duo qilardi.
Molik ibn Dinor umr bo‘yi faqat o‘z mehnati bilan hayot kechirdi. Jabr ibn Zayd u kishining Mushaf ko‘chirayotganini ko‘rib dedi: «Faqat shu ish bilan shug‘ullanasiz, Allohning kitobini biridan ikkinchisiga ko‘chirasiz. Boshqa kasb qilsangiz bo‘lmaydimi?» Molik ibn Dinor: «Allohga qasamki, bu halol kasbdir», deb javob berdi. Ja’far ibn Sulaymon aytadi: «U Qur’onni to‘rt oyda yozib tugatdi. Shu ishi uchun olgan xizmat haqi bilan taomlandi».
Bir rivoyatda aytilishicha, Molik ibn Dinorning uyiga o‘g‘ri kirdi, ammo hech nima topolmadi. Shunda uy egasi: «Dunyolikdan hech nima topa olmading, oxiratdan biror narsa qo‘lga kiritishni istamaysanmi?» dedi. O‘g‘ri: «Istayman», dedi. Molik ibn Dinor unga tahorat olib, ikki rakat namoz o‘qishini buyurdi. O‘g‘ri aytilganidek qildi, keyin ikkovlari masjidga chiqishdi. Bu voqea haqida Molik ibn Dinordan so‘rashganida, «O‘g‘ri bizning narsamizni o‘g‘irlashga keldi, lekin biz uni o‘g‘irlab qo‘ydik», deb javob berdi.
Molik ibn Dinor aytadi:
Men har bir gunohning asliga qaradim, uni mol-dunyoni yaxshi ko‘rishdan topdim. Kim o‘zidan mol-dunyoni yaxshi ko‘rishni yiroq qilsa, haqiqatda, uning butun vujudi rohat topibdi.
Agar qalbda huzn (xafalik) bo‘lmasa, u qalb xarobdir. Ya’ni, tinchligi bo‘lmagan uy xarob bo‘lgani kabi.
Agar itning oldiga tilla va kumush tashlasangiz, uni tanimaydi (qadr-qimmatini bilmaydi). Va agar itning oldiga suyak tashlasangiz, g‘ajiydi va yeb qo‘yadi. Ahmoq odam ham shunga o‘xshaydi.
O‘rolbek Mustanov tayyorladi
“Irfon” taqvimining 2012 yil 3-sonidan olindi.