Mahmudxo’ja Behbudiy haqida
Buyuk ma’rifatparvar adib, alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yili Samarqand shahrida muftiy oilasida dunyoga keldi. Ziyolilar oilasidagi muhit undagi adabiyotga, siyosatga, ma’rifatga bo‘lgan qiziqishini tezroq ro‘yobga chiqishiga yetakladi. Uning otasi islom huquqshunosligi bo‘yicha yirik mutaxassis bo‘lib, bu borada ko‘plab kitob va risolalar yaratgan edi. Bu o‘z navbatida Mahmudxo‘jaga o‘z ta’sirigi o‘tkazmay iloji yo‘q edi. Keyinchalik bu haqda u o‘z maqolalaridan birida otasi ta’lim bergan «Hidoya» (Islom huquqiga sharhlar) asarining uning taqdirida muhim rol o‘ynaganligini bejiz qayd etmaydi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy adabiyot, tarix fanlari qatori siyosatshunoslik bilan ham jiddiy shug‘ullanadi. Ro‘znoma va oypomalardan jahonda sodir bo‘layotgan siyosiy voqealar bilan yaqindan tanishib boradi. U Makkaga borish maqsadida arab tilini o‘rganishga kirishib, islom tarixi va nazariyasi bilan shug‘ullana boshlaydi. 1902 yilda Makkaga borib, xo‘ja va mufti unvonlariga ega bo‘lib qaytadi. So‘ngra Qozon va Ufa shaharlarida bo‘lib, Ovro‘po madaniyati bilan ham qiziqadi. O‘sha davrdagi Qozon, Orenburgda chiqadigan arab imlosidagi jurnal va gazetalar bilan hamkorlik qiladi. Uning qator maqolalari ham mazkur jurnal va gazetalar chiqa boshlaydi. Maktab, maorif, madaniyat, ma’rifatparvarlik g‘oyalarining targ‘iboti ushbu maqolalarning markazida turardi.
Xususan, qrim-tatar allomasi Ismoil Gaspirali (Gasperinskiy) va u bosh muharrir bo‘lgan «Tarjumon» gazetasi M. Behbudiyni buyuk ma’rifatchi va o‘zbek milliy jadidchilik yo‘nalishining otasi darajasiga ko‘tardi. Behbudiy dunyoqarashida Rossiyadagi eng nufuzli bo‘lgan kadetlar partiyasi a’zolari bilan uchrashuv va ular harakatnomalarining ta’siri ham katta bo‘lgan. 1912—1913 yillarda Behbudiy Samarqandda «Samarqand» gazetasi, «Oyna» jurnaliga asos soladi. U 1914 yilda yana Turkiya, Misrga borib, u yerdan muhim kitoblar, o‘quv qo‘llanmalarini olib keladi, yangi usuldagi maktab dasturi ustida ishlashga kirishadi. Biroq, u turli to‘siqlarga uchrab, «jadidlar rahnamosi», «dahriy» deb e’lon qilinadi. Shunga qaramay, u tatar mutafakkiri Ismoil Gaspiralining ma’rifatchilik borasidagi ta’limotini qo‘llab-quvvatlab, o‘z o‘lkasida ham shunday ishlarni amalga oshirishga kirishadi va ko‘p o‘tmay ma’rifatparvar sifatida o‘z xalqi hurmatiga sazovor bo‘ladi. U bir qator Sharq va G‘arb tillarini bilgan yuksak madaniyat sohibi bo‘lishi bilan birga, umuminsoniy madaniyatning tolmas targ‘ibotchisi ham bo‘lgan.
Behbudiy o‘zbek va fors-tojik tillarida ikki yuzdan ortiq maqola va asarlar yaratgan. Jumladan, «Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy» — «Qisqacha umumiy jug‘rofiya» (1903), «Kitob-ul-atfol» — «Bolalar uchun kitob» (1904), «Muxtasari tarixi islom» — «Qisqacha islom tarixi» (1904), «Amaliyoti islom» (1905), «Rusiyaning qisqacha geografiyasi» (1908) kabi darslik va kitoblar yozgan. Uning 1901 yildan boshlab «Turkiston viloyatining gazeti», «Taraqqiy», «Xurshid», «Shuhrat», «Tujjor», «Osiyo», «Hurriyat», «Turon», «Sadoi Turkiston», «Ulug‘ Turkiston», «Najot», «Mehnatkashlar tovushi», «Tirik so‘z», «Tarjumon», «Sho‘ro», «Vaqt», «Toza hayot», «Samarqand», «Oyna» kabi gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalari esa taraqqiyparvar kishilar va ayniqsa, yoshlarning diqqat-e’tiborini qozongan.
Behbudiy adib sifatida «Padarkush» yoki o‘qimagan bolaning holi» dramasini yaratgan. 1913 yilda Samarqandda nashr etilgan bu dramada u yoshlarning (ular xoh kambag‘al, xoh badavlat oilaga mansub bo‘lsin) ilmli, madaniyatli bo‘lishlari lozimligini qayd etgan. M. Behbudiyning «Padarkush» yoki o‘qimagan bolaning holi» dramasi 1911 yilda yozilgan bo‘lib, dastlab 1912 yilda «Turon» gazetasida bosilgan. 1913 yilga kelib kitob holida chop etilgan. Shundan so‘ng tez fursatda Samarqand, Buxoro va Toshkent teatri sahnalarida ijro etilgan. Drama kompozitsion qurilishiga ko‘ra oddiy bo‘lgan holda, mazmun-g‘oya jihatdan ancha qamrovlidir. Xususan, undagi xarakter va harakat, shakl-shamoyil mazkur janr talablariga ancha mos edi. Dramadagi qahramonlar esa ikki qutbda — ikki xil harakat bilan yashaydilar. Bir tomonda boy, o‘g‘li va uning gumashtalari bo‘lsa, ikkinchi tomonda domla, ziyoli obrazlari asar g‘oyasini ochishda muhim o‘rin egallaydi.
O‘zbek dramaturgiyasiga, umuman, teatriga poydevor qo‘ygan bu asar o‘z davrida A. Qodiriyning «Baxtsiz kuyov» dramasi, Mirmuhsin-Fikriyning «Befarzand Ochildiboy», Hamza Hakimzoda Niyoziyning «Yangi saodat» kabi qissalarining yaratilishiga turtki bergan.
Albatta, Behbudiyning xalq o‘rtasida ortib borayotgan obro‘-e’tibori nafaqat amirlik rahbarlari, balki bolsheviklarning ham reja va niyatlariga zid edi. 1919 yilda xorijiy safarga chiqqan Behbudiy ular chaquvi bilan Qarshida ushlanib, Said Olimxon farmoni bilan qatl qilinadi.
S. Ayniy allomaning fojeali vafoti munosabati bilan bunday yozgan: «Jafokash shoir Behbudiyning nomini musulmon Sharqi hurmat bilan tilga oladi, chunki u 20 yil mobaynida o‘zining ongi va insoniy qadru qimmatini bilgan barcha mavjudotni erkin hayot, nur va ma’rifat uchun kurashga chorlab keldi».
Qarshi shahri 20-30-yillarda Behbudiy nomi bilan atalgan. Behbudiy 1937 yilga kelib qatag‘on qilinadi va 1956 yili oqlanadi.
1977 yili allomaning «Saylanma» asarlari chop etildi. Asarlari darslik va qo‘llanmalarga kiritilib, ko‘cha va mahallalar uning nomiga qo‘yildi. Hozirgi kunda alloma qoldirgan boy va rang-barang adabiy, madaniy va ma’rifiy meros o‘z xalqining Istiqloliga xizmat etmoqda.
tarix.uz