Jondan aziz farzandingiz shamollab qolsa, vahima bilan dorixonaga yugurishingiz shart emas, oddiy va bezarar usullar bilan dard hamlasini qaytarsa bo‘ladi.
Odatda viruslar hujumiga bola organizmi shiddat bilan javob qaytaradi – birdaniga tana harorati ko‘tariladi. Bu tabiiy holat, biroq isitma 38 darajadan oshsa, uni tushirish choralarini ko‘rish zarur. Buning uchun sirkali suvdan foydalanish mumkin: 1 stakan suvga 1 osh qoshiq olma sirkasini aralashtiring. Bir parcha matoni ana shu aralashma bilan ho‘llab, bolani yechintiring va hamma yog‘ini tezgina artib chiqing. Keyin bolani choyshabga o‘rab, ustidan ko‘rpa tashlang. Yarim-bir soatdan keyin ham harorat tushmasa, muolajani qaytarish kerak. Ikki-uch muolajadan keyin ham ahvol o‘zgarmasa, isitma tushiruvchi vositalardan foydalanishga to‘g‘ri keladi.
Kuchli bosh og‘rig‘ida karam bargini sanchqi bilan teshing (suvi chiqishi uchun) va peshanaga qo‘ying. Umuman har qanday bosh og‘rig‘ida tuzli bog‘lama yordam beradi. Buning uchun 1 stakan issiq suvda 1 osh qoshiq tuzni aralashtiring. Jun matoni aralashma bilan ho‘llab, siqing va og‘riq joyiga qo‘yib, ro‘mol bilan bog‘lang.
Bola organizmi toksinlardan tezroq xalos bo‘lishi uchun iloji boricha ko‘proq terlatuvchi choy ichirish kerak. Bu borada malina sizga asqotadi.
Tonzillitni bejiz surunkali dard deb atashmaydi: qulay imkon tug‘ildi deguncha, qayta xuruj qiladi. Quyidagi resept esa tonzillitdan batamom qutulishga yordam beradi.
Kechqurun yaxshi, yirik qizilchani archib, mayda qirg‘ichdan o‘tkazing. 1 osh qoshig‘ini bankaga solib, ustidan 1 osh qoshiq olma sirkasini quying va aralashtiring. Bankaning og‘zini berkitib qo‘ying. Ertalab biror tabiiy matodan (dokadan emas) o‘tkazasiz. Stakanning 2/3 qismicha suyuqlik hosil bo‘ladi. Bola har safar ovqatlangandan keyin ana shu suyuqlik bilan g‘arg‘ara qilsin. Stakandagi dori bir haftaga yetadi. Muolajani kamida 15 kun o‘tkazsangiz, dard chekinadi. Agar bolaga surunkali tonzillit tashxisi qo‘yilgan bo‘lsa, tomog‘i og‘rishini kutib o‘tirmay, muolajani boshlayvering. Qizilcha va olma sirkasi aralashmasini 1:1 nisbatda suv bilan aralashtirib, burunga tomizsa ham bo‘ladi. Bu amal adenoidlarda yaxshi yordam beradi.
Bolangiz g‘arg‘ara qilishni bilmasa, moychechak damlamasini ichsin, moychechak yallig‘lanishga qarshi kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
Albatta, har bir ona farzandi sog‘lom o‘sishini xohlaydi. Buning uchun esa chiniqtirish orqali bolaning immunitetini mustahkamlash zarur. Oddiygina tadbir: har kuni ertalab farzandingiz bir daqiqa davomida oyoqlarini tog‘oradagi sovuq suvga solib tursin. Avvaliga suv xona haroratida bo‘lsin, sekin-astalik bilan vodoprovoddagi haroratgacha tushirasiz.
Qizilmiya (solodka) ildizi – immunitetni ko‘taruvchi vositalardan biri. Uni choy o‘rnida ichish mumkin. Agar bunday choyning ta’mi yoqmasa, qizilmiya ildizini qahvamaydalagichda maydalab, asal bilan aralashtiring va bolaga kuniga ikki mahal (ovqatlanish paytida) yarim choy qoshiqdan berib turing. Darvoqe, qizilmiya ildizi yo‘talda ham yaxshi naf beradi.