Bosh og‘rishi – sabablari, belgilari va asoratlari

Og‘riqning bosh aylanishi va hushdan ketish bilan birga kechishi

Bosh og‘rishi vaqtida qon tomirlarning holati o‘zgarganligi sababli bosh aylanishi va hushdan ketish holatlari kuzatilib turadi. Ko‘p tarqalgan shunday kasalliklardan biri – migrendir. Bu holat vaqti vaqti bilan takrorlanib turib, vaqt o‘tgan sari ahvol og‘irlashib boradi. Bunday holatga sabab uzoq vaqt ovqatlanmaslik natijasida qon tomirlar orqali yetarlicha oziq moddalar kelmasligi bo‘ladi.

Ko‘pincha bosh og‘rig‘i qon bosimi past yoki yuqori bo‘lganlarda uchraydi. Inson hushini yo‘qotganda uning qon bosimi tushib ketadi. Bu holatni uyquchanlik bilan taqqoslasa ham bo‘ladi.

Agar simptomlar peshona sohasida bo‘lib, shu vaqtda ko‘rish o‘tkirligi ham pasaygan bo‘lsa, bunga sabab ortiqcha tana vaznidir. Odatda bosh og‘rig‘i va hushdan ketishlar turli xil travmalardan keyin, ba’zida miya shishida yuzaga keladi. Inson hushini yo‘qotgandan keyin o‘ziga kelganda bosh og‘rishi bilan ko‘ngil aynishi ham seziladi. Qo‘shimcha simptomlarga ko‘z oldida nuqtalar va qora dog‘​lar paydo bo‘lishi, qo‘l va oyoq uchlarining muzlashi kiradi. Bunda inson boshini biror-bir narsa bilan qattiq o‘ralgandagi kabi holatni sezadi. Bir vaqtning o‘zida eshitish qobiliyati ham susayishi kuzatilishi mumkin. Agar bosh aylanishiga – spirtli ichimlik sabab bo‘lsa, bosh og‘rig‘i qon hujayralarining intoksikatsiyasi bilan tushuntiriladi.

Bosh og‘rishi va ko‘ngil aynishi, siqib og‘rishi

Bunday holatning kuchli namoyon bo‘lishi meningit, orqa va bosh miyaning infeksiya ta’sirida zararlanishidan dalolat beradi. Bir vaqtning o‘zida tana harorati ko‘tariladi va inson umumiy holsizlikni sezadi, umumiy qaltirash boshlanadi. Katta yoshdagi odamlar bunday simptomni bosh miya qon tomirlari shikastlanganda sezishadi. Ko‘pincha holsizlik travma olish natijasida yoki uning asorati sifatida kelib chiqadi. Bunda moddalar almashinuvi buzilib inson quyidagi simptomlarni sezadi:

  • Qo‘l va oyoqlarning qaltirashi;
  • Ularning muzlashi;

Bundan tashqari, yondosh simptomnlar ham birga keladi, masalan ko‘ngil aynishi va qusish kabi, simptomlar insult, bosh miya ichki qon quyilishlari, subdural gematomalarda. Agar og‘riq sababi – frontit bo‘lsa, og‘riq peshona, chakka sohalariga tarqaladi.

Bosh og‘rishi va tana harorati oshishi

O‘RVI va gripp – shu kabi yallig‘lanish kasalliklari tana harorati oshishiga sabab bo‘ladi. Organizmda intoksikatsiya ketadi. Tana harorati stabil ya’ni 37,5 C dan past bo‘lmagan ko‘rsatkichlarda bo‘lsa, bu organizmda qandaydir infeksion jarayon ketayotganligidan dalolat beradi. Meningitda og‘riq juda kuchli bo‘ladi, tana harorati oshishi ham kuzatiladi. Bundan tashqari tana mushaklari qisqargan bo‘ladi. Agar simptomlarga qayt qilish ham qo‘shilsa zudlik bilan tez tibbiy yordamga murojaat etish kerak.

Grippda bosh og‘rishi kuchsizroq namoyon bo‘ladi va quyidagi sohalarda kuzatiladi:

  • Ko‘zlarga;
  • Chakkaga – bir taraflama yoki ikki taraflama;
  • Peshona.

Gripp kasalligini aniqlab olish oson, bunda bosh og‘rig‘i eng xavfsiz simptomdir. Tana harorati ko‘tarilishi qon tarkibining o‘zgarib ketishiga olib keladi. Organizm og‘riqqa sabab bo‘lgan infeksiyalar bilan kurashadi va bu kurash tana harorati ko‘tarilishi bilan yuzaga chiqadi. 38 C tana harorati kuzatilsa, isitma tushiruvchi preparatlar qo‘llash tavsiya etiladi. Bunda bosh og‘rig‘i siquvchi, bo‘yin mushaklari harakati chegaralangan bo‘ladi. Agar simptomlar hayz ko‘rish vaqtida yuzaga kelsa oddiy og‘riqsizlantiruvchi preparatlar bilan og‘riqni qoldirsa bo‘ladi.

Bosh og‘rishi va qusish

Kuchli bosh og‘riq va qayt qilish meningit sababli bo‘lishi mumkin. Bunda og‘riq juda kuchli va diffuz (tarqoq) bo‘ladi. Og‘riq xuddi “bosh ichidan yorilib chiqadigandek” bo‘ladi. Bu esa miya ichi suyuqliklari sintezi kuchayotgani va miya ichida shish ketayotganidan, bosh miya ichki bosimi oshayotganidan dalolat beradi. Og‘riq retseptorlari kuchli qo‘zg‘aladi. Bosh miya ichki bosimi oshganda bemor kuchli qo‘zg‘algan bo‘ladi, ayniqsa gallyutsinatsiyalarda bemor baqiradi va har xil harakatlar qiladi. Bosh terisi ta’sirchan, mushaklar qisqarishi ortgan bo‘ladi. Bosh og‘rig‘I birinchi soatlardan paydo bo‘ladi va qayt qilish bilan kechadi.

Ko‘pincha og‘riq va qayt qilish har xil travmalarda ham kuzatiladi, masalan bosh miya chayqalishi, kontuziya, lat yeyish kabi. Bosh miyaning zararlanishlari quyidagilar bo‘lishi mumkin:

  • Kompressiya;
  • Qon tomirlar devori yorilishi;
  • Bosh suyaklari sinishi va shu kabilar;
  • Subaroxnoidal qon ketishlarda ham bosh og‘rig‘i va qayt qilish kuzatiladi. Buning oqibati ko‘pincha o‘lim bilan tugaydi.

Bosh og‘rig‘i va quloqlardagi shovqinlar

Ko‘pchilikka vestibular apparat shikastlanishi degan patologiya ma’lum. Bu organ qon bilan juda yaxshi ta’minlangan. Vestibular apparatning zararlanishida bosh og‘riq bosh va ko‘z olmasini harakatlantirganda kuchayadi. Bunda bosh og‘rishi bilan birga quloqlarda shovqinlar ham eshitiladi, bosh miya ichki bosimi oshadi. Ko‘ngil aynishi va qusish yuzaga keladi. Belgilar 2-5 soatgacha davom etdi. Bunga sabab umurtqalararo qon tomirlarining siqilib qolishidir. Bu esa miyada qon oqib ketishining qiyinlashishiga, miya ichki bosimi oshishiga olib keladi.

Bosh og‘rig‘i bo‘yin va tomoq og‘rig‘i bilan birga

Ko‘pincha bo‘yin umurtqalari osteoxondrozida “bo‘yin migreni” kuzatiladi. Uni odatiy migren bilan adashtirmaslik kerak. Og‘riq bo‘yin umurtqalari sohasidan boshlanib, boshga ham o‘tadi. “Bo‘yin migreni” simptomlari bosh og‘rig‘i ko‘proq bo‘yin sohasidan boshlanib, chakka sohasiga, ko‘zlarning bir tomoniga tarqaladi. Og‘riq xurujsimon ko‘rinishda keladi, qayt qilish ham yuzaga kelishi mumkin. Xurujning davomiyligi 6-10 soat. Bemor boshini og‘​riq bo‘lmagan tomonga burgan holatda bo‘ladi.

Bo‘yin osteoxondrozida ba’zida bosh miyaning ayrim sohalarida ham kamchiliklar uchraydi. Ko‘proq diensefal yoki gipotalamik qismida. Bunda bosh og‘rig‘i yurak urishi, qaltirash bilan birga keladi. Xuruj 20-30 daqiqa davom etadi.

Tomoqdagi og‘riqlarga noinfeksion va infeksion sabablar bo‘ladi. Gaymorit va sinusit – yiringli bakteriyalar natijasida kelib chiqadigan kasallik. Burun oldi bo‘shlig‘i shilliq qavati yallig‘lanishida o‘ziga xos simptomlar kuzatiladi. Og‘riq burun yoni, ko‘zlarning osti va ustida sezilib, bosh og‘rig‘i ko‘proq bir taraflama bo‘ladi. Og‘riq bosimli, siquvchi xarakterda bo‘ladi. Ba’zida bemor chiday olmaydigan darajada kuchli og‘riq og‘riqni sezishi mumkin, qovoq shishi ham kuzatiladi, ayniqsa zararlangan tarafda.

Bo‘yin sohasi mushaklari va umurtqalari travmasi natijasida bosh og‘rig‘i va migren kuzatiladi. Buning sababi mushaklar spazmidir. Og‘riq to‘satdan paydo bo‘ladi. Odatda og‘riq boshning orqa sohasida, ba’zida kalla suyagining yuqori qismida paydo bo‘ladi.

Pulsatsiyali bosh og‘rig‘i

Pulsatsiyali kuchli bosh og‘riqlari odatda tomirlardan qon oqishi buzilishidan kelib chiqadi. Gipotoniyada qon tomirlarning kengayib ketishi hisobiga pulsatsiyali og‘riq paydo bo‘ladi, bunga sabab qon tomirlar vegetodistoniyasidir. Eng keng tarqalgan, pulsatsiyali kuchli bosh og‘rig‘i arteriovenoz shuntlarning patologik ochilib ketishida yuzaga keladi. Ba’zida alkogol ta’sirida organizmda gistamin va adrenalin miqdori ham oshadi, shunday holatda ham boshda pulsatsiyali (lo‘qqilovchi) og‘riq paydo bo‘ladi.

Gipertoniyada ham pulsatsiyali bosh og‘riqlar uchrashi mumkin. Ko‘pincha shamollashda arterial bosim oshishi hisobiga boshda “lo‘qqilovchi, ichki tomondan urganga” o‘xshagan og‘riq yuzaga keladi. Bundan tashqari, stress holatlarida arterial bosim oshishidan ham pulsatsiyali og‘riq kuzatiladi.

Bosimli (siquvchi) bosh og‘rig‘i

Bosh og‘riqlari ichida eng ko‘p uchraydigani. Aholining 90 % ga yaqinida uchrab turadi. Har qanday yoshda yuzaga chiqadi, eng xavfli yosh 25-30 yoshlar hisoblanadi, ayniqsa ayollarda. Bunga sabab odatda organizmning zo‘riqishidir. Masalan psixologik zo‘riqishlarda boshning og‘riqli qismida bosim, nima bilandir siqib turganga o‘xshagan belgilar namoyon bo‘ladi, xuddi “siqib turgan bosh kiyimi” kabi. Bunda boshning chakka, peshona, tepa sohalarida og‘riq hissi paydo bo‘ladi. Og‘riq bo‘yinga, ko‘z sohasiga tarqalishi ham mumkin.

Yuqoridagi kabi simptom bosh miya absessida ham kuzatilishi mumkin. Bosh miya to‘qimalarining yiringli bakteriya ta’sirida zararlanishidir. Agar uning kelib chiqishiga quloqlardagi patologiyalar sabab bo‘lsa, og‘riq lokalizatsiyasi chakka sohasi bo‘ladi. Absessning joylashgan joyi simptomatikaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi.

Bosimli og‘riq ensefalitda ham yuzaga chiqishi mumkin. Bunda og‘riq doimiy, qayt qilish bilan birgalikda keladi.

Bosh og‘rig‘iga sabablar

Gipertoniya sababli og‘rishi

Gipertonik kasallik vaqt o‘tishi bilan xavfli bo‘lib bormoqda. Bu kasallikning asosiy belgilaridan biri bosh og‘rig‘idir. Ilmiy izlanishlarda 30 % yaqin gipertoniya bilan kasallangan insonlar, o‘zlarida aynan shu kasallik borligini doimiy bosh og‘rig‘iga shikoyat qilib shifokorga murojaat etganlarida aniqlab olishgan.

Arterial bosim oshishi qon tomirlar tonusining oshishi va nerv oxirlarini qo‘zg‘atishi bilan tushuntiriladi. Qo‘zg‘algan nerv oxirlari impuls tarqatib bosh miyada to‘planadi va doimiy bosh og‘riqlariga sabab bo‘ladi. Bosh miya ichki bosimi ortishi ham miyaning siqilishiga olib kelib, doimiy, to‘mtoq bosh og‘riqlari sabab bo‘ladi.

Qon-tomir-vegetodistoniyasi sababli bosh og‘rishi

Vegeto-tomir distoniyas​i (vegetososudistaya distoniya) – asr kasalliklaridan biri. Uning ko‘p uchrashiga sabab psixosomatika bilan bog‘liq. Kasallik psixologik zo‘riqishlar oqibatida yuzaga chiqadi. Yurak ishlashi sezilarli darajada o‘zgaradi, bu esa gipertonik kasallik yoki yurak ishemik kasalligi boshlanishidan darak beradi. Vegeto-qon-tomir distoniyasida bemorlar bosh og‘rishiga shikoyat qilishadi, og‘riq boshning turli sohalarida, har xil ko‘rinishda bo‘ladi. Agar gipertoniya natijasida og‘riq kelib chiqsa, ko‘pincha boshning chakka, peshona qismlarini qamrab oladi. Sutkaning har qanday qismida paydo bo‘ladi va to‘mtoq, simillovchi, cho‘ziluvchan xarakterga ega bo‘ladi. Shu bilan birga teri rangi oqarishi, bosh aylanishi, umumiy holsizlik ham yuzaga keladi. Gipotonik xarakterda og‘riq pulsatsiyali ko‘rinishda bo‘ladi.

O‘sma kasalligida bosh og‘rig‘i

Bosh miyani ezib qo‘ygan o‘sma o‘ziga xos xarakterga ega bo‘ladi. U juda kuchli namoyon bo‘lib, bemor zudlik bilan shifokorga murojaat etishni xohlaydi. Miya o‘smalarida og‘riq miya hujayralarining ezilib og‘riq retseptorlarining qo‘zg‘alishi natijasida kelib chiqadi. O‘smaning joylashgan joyiga qarab og‘riq ham turli sohalarda paydo bo‘ladi, ayniqsa uyqudan keyin, egilganda, aksa urganda va yo‘talganda kuchayadi.

Spirtli ichimliklardan keyingi bosh og‘rig‘i

Alkogolik ichimlikning har qanday bo‘lishidan qat’iy nazar qon hujayralariga, tomirlarga, ayniqsa yurak tomirlariga salbiy ta’sir etadi. Alkogoldan keyin bosh og‘rishiga asosiy sabab kislorod tanqisligidir. Qizil qon tanachali kislorod tashish o‘rniga alkogol ta’sirida o‘z vazifasini bajara olmay qoladi. Kislorod tanqisligiga esa miya eng sezuvchan organdir, kislorod yetib kelmagandan keyin miya hujayralari o‘la boshlaydi. Miya esa o‘lgan hujayralarni chiqarib tashlash uchun ichki bosimni oshiradi va bu boshda og‘riq paydo bo‘lishiga olib keladi. Og‘riq pulsatsiyali siquvchi, xuddi “bosh yorilib ketadigandek” ko‘rinishda bo‘ladi, qo‘shimcha ravishda qayt qilish, kekirish va oshqozonda og‘riqlar ham paydo bo‘ladi.

Egilganda bosh og‘rishi

Agar bosh og‘rig‘i tanani pastga egganda yuzaga kelsa, bunga sabab quyidagi bir qator kasalliklar bo‘lishi mumkin:

  • Bo‘yin sohasi mushaklari zo‘riqishi;
  • Bo‘yin spondilyozi;
  • Arterial gipertenziya – kam harakat, bo‘yin sohasi mushaklari qotib qolgan bemorlarda ko‘proq kuzatiladi. Uzoq muddatli stress ham gipertenziyaga sabab bo‘ladi;
  • Bo‘yin osteoxondrozi (bo‘yin migreni);
  • Bosh miya o‘smalari;
  • Gaymorit, sinusitlar;
  • Og‘riq chakka, ensa, peshona sohalarida kuzatilib, unchalik kuchli xarakterga ega bo‘lmaydi.

Zo‘riqishlardagi bosh og‘rig‘i

Emotsional, psixologik, stress natijasida zo‘riqishlarda boshda doimiy, boshning butun qismini egallab oluvchi, to‘mtoq, bir xil darajadagi og‘riqlar seziladi. Jismoniy zo‘riqishlar, charchash, bo‘yin mushaklari zo‘riqishida ham boshda og‘riqlar bo‘ladi. Bunday turdagi og‘riqlar vaqtinchalik xarakteriga ega dam olgandan keyin, asablar tinchlanganda keyin o‘tib ketadi.

Issiq ob- havo ta’sirida bosh og‘rishi

Quyosh nuri ostida uzoq muddat turish mumkin emas. Ko‘pchilik issiq ob havo ta’sirida bosh og‘riqlarini sezishadi, bunda og‘riq pulsatsiyali bo‘ladi. Issiq ob havo ta’sirida organizm suvsizlanadi, buning natijasida miyada qon aylanishi sekinlashadi va og‘riqlarga sabab bo‘ladi. Bosh og‘rig‘i faqatgina issiq ob havo emas, balki dim xonalarda ham bo‘ladi. Dim xonalarda karbonat angidrid gazi ko‘payganligi uchun bosh og‘rishi, lanjlik, uyquchanlik holatlari kuzatildi.

Orgazm vaqtidagi (jinsiy aloqa) bosh og‘rishi

Bu barcha organlar jisniy aloqaning kulminatsion nuqtasiga yetganda kuchli qo‘zg‘alishi va miyaga qon ko‘p kelishidan kelib chiqadigan bosh og‘rig‘idir. Bunday og‘riq vaqtinchalik bo‘ladi.

Bosh og‘rig‘iga sabablarni sanab o‘tamiz:

  • Bosh miya kasalliklari. O‘tkir va surunkali travmalar, o‘smalar, meningit va boshqalar;
  • Qon tomir kasalliklari (migren, arterial giper va gipotoniya);
  • Psixogen – stress, uyqusizlik;
  • Bosh miya ichki bosimi oshishi;
  • Miyadan tashqari sabablar – infeksion kasalliklar, dorilarning nojo‘ya ta’sirlari, bosh suyakalari, umurtqa pog‘onasi, mushaklardagi kasalliklar;

Bosh og‘rig‘ining asoratlari

Barcha kasalliklar o‘zlaridan asorat qoldirishadi. Bosh og‘rig‘i ham biror-bir kasallik asoratidir, uni simptomatik belgi desak ham bo‘ladi. Bosh og‘rig‘ini umumiy kasallik fonida davolash kerak.

Arterial gipertenziyada kelib chiqqan bosh og‘rig‘i, har safar qon bosim oshganda paydo bo‘laveradi. Tongda, aksa urganda, yo‘talda, hayajonlanganda paydo bo‘lib, insonga diskomfort tug‘diradi. Arterial bosim normada bo‘lib, boshda og‘irlik hissini sezish bosh miya qon tomirlarida ateroskleroz ketayotganidan dalolatdir.

Ba’zida kitob o‘qigandan keyin ham bosh og‘rishi kuzatiladi. Bu ko‘zlarning adaptatsion mexanizmi buzilganidan dalolat beradi. Agar kerakli chora tadbirlar ko‘rilmasa – ko‘ruv o‘tkirligi bilan muammolar kelib chiqishi mumkin. Peshonadagi og‘riqlar – ba’zida glaukomaning simptomi ham bo‘lib keladi.

Xullas, bosh og‘rig‘i turli xil jiddiy kasalliklar belgisidir, shuning uchun bosh og‘rig‘ining asl sababini aniqlab o‘z vaqtida davo choralarini ko‘rish zarur.