Chaqaloqqa so’rg’ich kerakmi?
So’rish refleksi chaqaloq hayotining ilk bosqichi, bola hali ona qornida bo’lgan paytidayoq paydo bo’ladi. Bola olti oylik bo’lganidan keyin so’rish instinkti asta-sekin so’na boshlaydi. Biroq ko’pchilik chaqaloqlar ona ko’kragini emib bo’lganidan keyin baribir so’rishga ehtiyoj sezishadi. So’rish orqali bola qanoatlanish va hotirjamlik xissini tuyadi. Agar bola so’rg’ichni doimo so’rib yurishga odatlangan bo’lsa, uni tashlashga qiynaladi. Barmoqlarini, tilini, labini, yaktagining yoqasini, yopinchig’ining chetini so’ra boshlaydi. Bularning hammasi jag’ shaklining o’zgarishiga, “tishlash” va ovqat chaynashning buzilishiga, nutqning noto’g’ri rivojlanishiga, ruhiyatiga salbiy ta’sir ko’rsatishiga olib keladi. Stomatologlarning fikricha, so’rg’ich so’rish bolaning tishlari noto’g’ri shakllanib qolishiga olib kelishi mumkin ekan.
Ba’zi onalar og’zidan nafas olmasin deb so’rg’ich berishadi. Bu noto’g’ri. Bola bilan sayr qilganda ham so’rg’ich bermang, aks holda bola og’zini ochib yuradigan bo’lib qoladi. Burnida qatqaloqlar bo’lmasligiga e’tibor bering. Og’izdan doimiy nafas olish nafas yo’llarida biron nuqson yoki kasallik borligidan dalolat beradi. Bunday hollarda, bolani tezda tomoq, quloq va burun kasalliklari shifokoriga olib boring. Bola uxlab yotganida og’zi ochilib qolsa uni yopib qo’ying. Bolaning og’zi mudom so’rg’ich bilan band bo’lsa, bu uning aqliy va ruhiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Chunki jajji bolaga uning og’zi predmetlarni tadqiq qilish “uskunasi” bo’lib xizmat qiladi.
Ko’pchilik bolalarda tug’ilgan payti pastki jag’ yuqori jag’ga nisbatan ancha kichik bo’ladi. Biroq oltinchi oyga borib, ular hajmi tenglashadi. Bunga bolaning zo’r berib so’rishi yordam beradi: bola so’rganda pastki jag’ oldinga chiqadi. Bolani ko’krak berib emizish esa bu ishni engillashtiradi. Onaning suti ko’p bo’lsa, bolani emizishdan oldin ozginasini sog’ib tashlagani ma’qul. Shunda bola ko’krakni qattiqroq so’ra boshlaydi. Bolani sun’iy ovqatlantirganda so’rg’ich qattiqroq, kalta, uchida mayda-mayda teshikchalari bo’lishi kerak.
Bolaga so’rg’ich berish mumkin agar:
-
Chaqaloqning qornida dam yig’ilgan bo’lsa.
-
Qorni to’q bo’lsa-da oyoq-qo’llarini tipirchilatib, tilini so’rayotgan bo’lsa. Bunday bolada so’rish refleksi hali qoniqarli emas. Uni tinchlantirish maqsadida qisqa muddatga so’rg’ich berishingiz mumkin. Bola uxlashi bilan so’rg’ichni olib qo’ying.
Man etiladi:
-
So’rg’ichning uchiga qalampir surtib qo’yish kabi eski “sinalgan” usuldan foydalanish. Bolaning o’rniga o’zingizni qo’yib ko’ring-chi, o’zingiz dosh bergan bo’larmidingiz?!
-
Uchini ozgina kesib qo’yish: bola so’rg’ichning bir parchasini yutib qo’ysa, orttiradigan xavf-xatar sizga ancha qimmatga tushishi mumkin.
-
“So’rg’ichni og’zingdan ol” deb bolaga dag’dag’a qilish.
-
Bolani qo’rqitish.
-
Bolaning jig’iga teyish. Bu uni hafa qilishi mumkin. Yoki qaysarligi tutib, qasdma-qasd so’rg’ichni tashlashdan qat’iy bosh tortadi.
-
Bolani aldash. Agar dilbandingiz aldayotganingizni payqasa, sizga boshqa xech qachon ishonmaydi.
Ruhshunos maslahati. Bola so’rg’ichini tezroq unutishi uchun:
-
Agar bolangizga qo’shimcha ovqat berayotgan bo’lsangiz (6-7 oy), so’rg’ichli shisha o’rniga kosachadan foydalaning.
-
Bola tinch, hotirjam vaqtida unga so’rg’ich taklif qila ko’rmang. Bola ovunishi uchun unga rang-barang o’yinchoqlar olib bering.
-
Agar bola 2 yoshdan oshgan bo’lsa, uning sevimli so’rg’ichini qaychi yordamida mayda-mayda qilib, kichkintoyga “xamma narsa bola ulg’ayganida eskirishi va parchalanishi”ni tushuntiring. So’rg’ichning yangisini harid qilish mumkinligiga dilbandingizning hali fahmi etmaydi. Shu bois tez orada so’rg’ichni unutish ehtimoli bor.