Qo‘chqor Norqobil. “Ko‘ngil daftari”dagi qaydlar
Ayol ko‘nglini ovlash va go‘zallikni tushunishga ketgan vaqt qa’riga umrimning kuch-qudrati va qanchalab sara asarlarimni ko‘mganimni bilsang edi, ko‘nglimda gohida chimillab og‘riq beradigan azoblarni ehtimol tushunarding. Bu holat bir kuni senda ham, ha mening hayotim davomchisi bo‘lgan o‘g‘limda ham takrorlanadi. Men senga bugun hech narsa deyolmayman.
* * *
To‘g‘ri, ko‘nglingdan o‘zga do‘st topishing qiyin. Biroq buning uchun ko‘ngling ham toza bo‘lishi kerak.
* * *
May anqigan davralarda sotqinlik o‘rmalaganini anglab qolsang, hayot daraxtining o‘zing turgan shoxiga bolta urayotganingni his qilasan.
* * *
“Ehtimol, sendan yozuvchi chiqmas, — dedim o‘g‘limga. — Shunday bo‘lgani ham yaxshi. Yoshlik havasi-da, mayli, hikoya yozibsan. Beg‘ubor ko‘ngling nimanidir anglaganday — yozmangda to‘rt-besh chog‘li bola birikib, odamovi, biroq a’lochi sinfdoshiga tuhmat qilishadi. O‘g‘rilikda ayblashadi. Haligi a’lochi bola esa, maktabga bormay qo‘yadi. Uyaladi. Ana shu uyat hissi uning ichida isyon o‘tini yoqadi. O‘zing o‘ylab ko‘r-a, u nega maktabga bormadi? Ko‘nglidan nimalar kechdi? Og‘riq, o‘kinch, nohaqlik zarbidan o‘zini o‘nglay olmay qolgan bolaning yuragidagi azob, umuman, inson botinidagi isyon ming-ming yillardan beri adabiyotning sochini oqartirib kelayapti…
Xullas, o‘zini-o‘zi yenggan, ehtirosini sovuqqonlik bilan bosib, hayot o‘yinlaridan kula biladigan odamgina yozuvchi bo‘loladi.
Ehtimol, o‘sha odamovi o‘rtog‘ingning og‘riq cho‘kkan yuragida kelajakning shoh asari muhrlangandir. Yaratilgan buyuk asarlarning bari bolalikdan oziqlanadi.”
* * *
Iste’dodlar ko‘pincha tanholikni xush ko‘rishadi.
* * *
Bir davrada bo‘ldim. Kazo-kazo mashhurlar davrasi. Adabiyotning buguni (menimcha ertasi emas…) shulardir ehtimol. Biri qo‘yib biri gapiradi, bir-birini maqtaydi.
May qurg‘ur damba-dam davra aylanayapti. Boshlari qizidi chog‘i, dildagi tilga ko‘chdi. Mayda-chuyda g‘iybatlar xazoni uyulgach, muddao ayon bo‘ldi. Barcha yo‘llar Rimda tutashgani kabi, ularning gaplari ham bir nuqtada birikdi:
— Biz bir-birimizni asrashimiz kerak, bir-birimizga suyanishimiz kerak, bir davra bo‘lib jamlashib, bir-birimizni qo‘llashimiz shart.
Ey, tavbangdan!.. Har qaysing o‘zingcha “daho” bo‘lsang, nega bir-biringni suyashing kerak?
Adabiyotga suyanmaysanmi?!
* * *
Evropaga dovruq solgan xorvatiyalik xushsuvrat yosh adiba Maritstsa Bodrojich: “Ona zaminimiz zambilg‘altakda yotibdi”, deb yozadi.
O‘zbek shoiri Xurshid Davron shunday deydi: “Zamin maysaning ildiziga osilib turibdi…”. Mana senga ikki xil qiyos, ikki xil qarash. Biri yo‘qlik, ikkinchisi hayotga intiluvchanlik sari undaydi.
* * *
Odamzod totuv-inoq yashagan kezlar bo‘lganmi-yo‘qmi, bilmadim. Biroq orasidan qil o‘tmaydigan ahil kishilar o‘rtasidan nafs o‘tgan chog‘danoq bu dunyo buzilib bo‘lgandir, ehtimol…
Keyinchalik odamlar orasidan tsivilizatsiya o‘tdi. Endi esa tanklar, samolyotlar, ummonlarni zirillatib suzguvchi ulkan-ulkan kemalar, avia va atom bombalari bemalol o‘tib bormoqda. Odamzot bir-biridan shunchalar olislashib ketdi.
* * *
Soatning chirqillab aylanayotgan lahzamiliga qo‘lini tekkizib uni to‘xtatgan bolakay vaqtni mag‘lub etdim, deb o‘yladi. Qaniydi lahzamilga aylanayotgan Yer sharini bog‘lab qo‘yolsak. Yerni to‘xtatib turish evaziga ham biz vaqtning ustidan tantana qilolmaymiz. Samovot harakatini to‘xtatib qololadigan kuch bormikin?
Menimcha bor. Bu — inson idroki. Hamma narsa inson idrokida harakatga keladi, ibtido ham, intiho ham idrok in’ikosidir. Idroksizlik vaqt ustidan g‘alaba qozonishi mumkin — idroksizlik hech qachon vaqt bilan hisoblashmaydi.
* * *
Asrimiz suronli. Agar havoda uchayotgan o‘qlar bir daqiqa, bir soat, bir kungina mo‘jiza ro‘y berib to‘xtab qolsa edi, samoda insoniyatning o‘z boshidan o‘zi yog‘dirayotgan qarg‘ishi namoyon bo‘lar, bashariyat umr daftarining son-sanoqsiz qora dog‘lari ko‘rinib qolar edi.
* * *
Faylasuflardan biri: “Er — suvda suzayotgan kemadir…”, deydi. Bu qarash, haqiqat devorini ramziylik naqshi bilan bezashga o‘xshab tuyuladi. Suvda suzayotgan Yer kemasining darg‘asi agar inson farzandi bo‘lsa, kema taqdirini o‘ylab qayg‘uga cho‘kmay ilojing yo‘q…
* * *
“Poyabzalim oyog‘imni qisib turgach, osmonning kengligidan ne naf”, deb yozg‘iradi faylasuf. Biroq osmon ham do‘ppiday tor kelib qolishi mumkin. Faqat ko‘ngilning kengligi, qalb poyonsizligi insonga ruhiy osoyishtalik baxsh eta oladi…
* * *
Chelaklab olinganda dengiz suvi qurib qolmagani kabi, hovuchlab olgan bilan sahro qumining adog‘iga yetib bo‘lmagani singari, qalbi uyg‘oq inson idrokining tafakkur zarralari ham hech qachon tugamaydi. Insonni mudroqlik yengadi… yeydi.
* * *
Badiiy asarda yozuvchi o‘ylab topgan, kashf qilgan qahramon emas, balki o‘zini-o‘zi kashf qilgan, o‘z ortidan yozuvchini ham ergashtirib ketgan qahramonlar hech qachon o‘lmaydilar va shular tufayli badiiy asarlar abadiylik shohsupasiga chiqadi. O‘ylangan syujet, chegaralangan kompozitsiya, eng yomoni, yozuvchining chizig‘idan chiqolmagan qo‘g‘irchoq obrazlar asarning umrini yozuvchi umridan ham qisqa qilib qo‘yadi. Yaxshi asarlar adabiyot ham, adib ham hech qachon o‘lmasligini isbotlaydi.
* * *
Men bu odamda ikki xil dunyoni — iste’dodni va pastkashlikni ko‘rdim. Uning kitoblarini varaqlayotganda bir quchoq atirgul ichida keskir xanjarlar yashiringanini his qilaman.
* * *
«Men buyukman», degan katta odamning kichkinaligini ko‘rmoqchi bo‘lsang uning nafsini sinab ko‘r. Tilida xalq, botinida esa “men” degan odamning ojizligini ko‘rish naqadar og‘riqli ekanligini his etasan.
* * *
Adabiyotning yo‘li to‘xtab qolmaydi, chunki u abadiyat manziliga tutashadi. Biroq men yozuvchiman deganlarning hammasi ham bu manzilgacha yetib borolmaydi. Iste’dod maqomi esa ana shu manzil mezoni bilan o‘lchanadi.
* * *
Do‘st sotsa, xiyonat qilsa, chidash mumkin. O‘g‘ling nomard bo‘lsa tishni-tishga qo‘yasan. Biroq seni o‘z yuraging, qalbing sotsa nima qilasan? Ichingdagi xiyonatni yenga olmasang — nima qilasan? Inson o‘zini anglashi uchun, eng avvalo, o‘z ichidagi dushmanni yengishi, o‘zi tozarishi, o‘zini yaxshi ko‘ra bilishi kerak. Shundagina boshqalarni, borliqni sevadi. Atrofga shubha va gunoh nazari bilan boqmaydi.
* * *
O‘ziga bino qo‘ygan odamga shunday dedim:
— Ehtimol, sen dunyoni kaftingga olgandirsan. Lekin o‘zingni qayerga qo‘yishni bilmay turibsan-ku.
* * *
Gurji adibi shunday yozadi: “Agar yer yuzida bolalar bo‘lmaganda edi, biz kattalarning qilgan gunohlarimiz evaziga osmon uzilib yerni bosib qolardi… Osmonni bolalar ushlab turibdi…”.
Ehtimol shundaydir… Biroq yer yuzida hasad urug‘i sochilib ketmaganida edi, biz farishtaga aylanib osmonu falakda uchib yurardik. Hasad hamisha oyog‘imizdan yerga tortib turadi.
* * *
Bu xato yo senga, yo menga taalluqli. Har holda Yaratganning xatosi emas.
* * *
— She’rlarimni tushunmadingizmi? — dedi “shoir”.
— Yo‘q, — dedim, — murakkab, chigal uslubni tanlabsiz…
— Nima balo, adashib qoldingizmi? — piching qildi u…
— Ha, men tugul she’rlaringiz ham bu boshi berk ko‘chada nima qilarini bilmay turibdi. Endi o‘zingiz kelib, bizni yetaklab olib chiqmasangiz bo‘lmaydi. She’ri o‘quvchini yetaklay olmagach, bu ishni shoirning o‘zi bajargani yaxshi-da…
* * *
Bu odamning og‘zi bilan yurishini his qilganimdan keyin, boshi yo‘qligiga ishondim.
* * *
Qo‘limda rizqim bor edi, kaftimni siqdim. “Xasis!”, dedilar.
Qo‘limda rizqim bor edi, kaftimni ochdim. “Ahmoq!”, dedilar
* * *
Ufqni tanladim. Lekin manzilga qadar qumursqalar bijg‘igan ko‘chadan o‘tish xavfi yuragimga vahm soladi.
* * *
G‘iybat aynimaydi, aksincha, muhitni buzadi, aynitadi.
* * *
Adabiyot — eshigida qo‘riqchisi yo‘q shaffof uy. Uning eshigini hazrat Navoiydek buyuk daholar ochgan.
Bu eshikni xudbin iste’dodsiz kimsalargina yopishga behuda urinadilar.
* * *
Eng yaxshi asar — Allohning mukofoti!
* * *
Mening bir laqqisifat o‘rtamiyona ijodkor og‘aynim bor: “Adabiyot — qismatim, asarlar — farzandlarim…”, deb og‘iz ko‘pirtiradi-yu, adabiyotdan “xizmatlari” evaziga mukofot ta’ma qiladi, e’tiboru e’tirof ilinjida yashaydi. Yuragida ta’ma hissi cho‘kib yotgan shoirning yozganlari namiqqan o‘tinning tutab dimiqishiga o‘xshaydi.
Olov esa… olov boshqa narsa! U hech qachon maqtovga, o‘zgacha sifatga muhtoj emas!
ziyouz.uz