Sochlar nima sababdan erta oqaradi?
Soch rangi uchun melanin pigmanti «javobgar»dir. Organizmda melanin ishlab chiqarilishi kamayganda soch tolalari oqara boshlaydi. Sochlar o’rtacha 35‑40 yoshda oq rangga kira boshlaydi. Ammo ilk oq soch tolalari 20 yoshdan oldin ham paydo bo’lishi mumkin. Qarilik eshigimni qoqdi, deya darrov havotirga tushmang. Ammo soch oqarishining sababini ertaroq aniqlash lozim. Chunki, bu organizmdagi biror bir buzilishdan darak beradi.
-
Sochning erta oqarishi sabablari:
-
Nasliy;
-
Organizmda oqsil etishmovchiligi, aynan esa oqsil tarkibidagi tirozin moddasining etishmasligi;
-
Asab tizimi buzilishi yoki qalqonsimon bez kasalliklari, kamqonlik;
-
V guruhi vitaminlari, rux (tsink) va mis (med) etishmovchiligi;
-
Ortiqcha darajada qahva va tuz iste’mol qilish.
-
Chekish;
Soch oqarishining oldini olish mumkinmi?
Avvalam bor sog’lom hayot tarziga rioya qilish kerak. Etarlicha uxlash, immunitet va asab tizimini mustahkamlash organizmda melanin moddasi etishmovchiligi oldini oladi;
Agar sochning erta oqarishiga sabab qalqonsimon bez kasalliklari bo’lsa, birinchi bo’lib kasallikni davolash kerak. Shunda soch oqarishi ham o’z-o’zidan bartaraf bo’lishi mumkin;
Chekishni tashlang. Bu zararli odat sababli to’qimalar kislorodga to’yinolmaydi va bu melanin ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi;
To’g’ri ovqatlanish. V guruh vitaminlari bilan birgalikda rux va mis minerallariga boy bo’lgan oziq-ovqatlarni iste’mol qiling. Bular sut mahsulotlari, qizil go’sht, guruch, grechka, sabzi, apelsin, pomidor va jigar, yong’oqlar, dukkakli o’simliklar, karam;
Oqargan tolani yulish mumkinmi?
Ba’zi ayollar paydo bo’lgan ilk oq sochlarni yulib tashlashadi, bu umuman noto’g’ri. Bittasini yulsang battar ko’payadi degan gapda jon bor. Qolaversa, oq tolalar yana o’sib chiqadi. Oqargan sochlarning ko’payib ketishini oldini olish uchun esa V guruhi vitaminlari qabul qilish zarur.
Xo’sh, nima qilish kerak?
Oq sochlar soni kundan-kun ko’payib ketayotgan bo’lsa, nachora, kosmetik — kimyoviy usuldan foydalanamiz. Oq tolalarni yashirishning bir yo’li – soch bo’yog’i. Oqargan sochlarni hozir urf bo’lgan «peryshka» uslubida bo’yash bilan yashirish mumkin. Bu uslubda soch bo’yash sariq, och jigarrang sochli ayollarga mos.
To’q qora, jigarrang soch sohibalari esa, 70 foiz oqargan sochlarni bo’yovchi (qadog’ida ko’rsatiladi) soch bo’yog’i qo’llang. Shuningdek, xina va basma aralashmasi ham oq sochlarni bo’yaydi, hamda sochlar uchun foydali ta’sir ko’rsatadi.
Xavotirga tushmang!
Sochlaringizga oq oralashi siqilish uchun sabab bo’la olmaydi. Bunaqada sochingizni battar oqartirib olasiz. Agar sochlarning oqarishiga biror bir kasallik sabab bo’lmasa, oqarishni shunchaki davolab, ya’ni qaytadan rang berib bo’lmaydi. Ammo hozirgi kunda turli -tuman soch bo’yoqlari ko’p bo’lib, ular yordamida «qarilik» alomatidan osonlikcha qutulasiz.
Fakt: Erkaklarda birinchi o’rinda soqol va muylov oqarsa, ayollarda oqarish chakka sochlardan boshlanadi.
Fakt: tirozin moddasining kamayishi natijasida sochlar oqara boshlaydi. Shuningdek oqsilsiz parhezga zo’r bergan ayollarda erta soch oqarishini ko’rish mumkin.