Past bo’yli qizlar iloji boricha aynan bir xil rangdan tikilgan (rang-barang emas), qomatga biroz yopishib turuvchi, vertikal chiziqlar aks ettirilgan, etak qismi torroq liboslarni tanlaganlari ma’qul. Ular gavdangizni biroz uzaytirib ko’rsatadi. Bu xonimlarga klassik uslubdagi liboslar ham yarashadi. Ish uchun libos tanlaganingizda yubkasi kalta va kostyumi uzun yoki aksincha bo’lgan liboslar to’plamini tanlash tavsiya etilmaydi. Sababi bu libos sizni yanada kichik va oyoqlaringizni kalta qilib ko’rsatadi.
Eng to’g’ri yechim — bejirim qora ko’ylak
Qaddi pastroq har qanday qizning liboslari orasida uzunligi tizza bo’yi, yengi uzun bo’lmagan, bel qismi yuqoriroqdan tikilgan, kichik hajmdagi tugma va toshchalar bilan bejirim bezatilgan ko’ylaklar bo’lishi lozim. Qora rangdagilari esa siz uchun ayni muddao! Аmmo o’ta ozg’in qizlarga qora rangni tavsiya eta olmaymiz. Uning o’rnida to’qroq bo’lgan boshqa ranglarni: to’q ko’k, qizil va hokazolarni tanlang. Shuni esda tutingki, qavat-qavat qilib tikilgan, ya’ni yig’ma etakli va katta cho’ntakli liboslar ko’proq baland bo’yli qizlarga mo’ljallangan.
Ustki kiyimlar
Ustki kiyim, ya’ni koftalarning yengi 3/4 uzunlikda, yoqasi o’rta kattalikda va bel qismi xipcha tikilgan turlarini tanlang. Kostyumga to’xtaladigan bo’lsak, uzunligi kalta — bel qismigacha keladigan turdagilarini tanlang. Kiyimdagi har qanday detal: tugma, cho’ntaklar, yoqa, burma ham o’zingizga monand kichik hajmda bo’lishi lozim. Libos oyoq kiyimingizga moslab olinsa, nur ustiga a’lo nur bo’ladi.
Uzun munchoqlar, «tomchi» bezaklar
Past bo’yli qizlar taqinchoq tanlaganlarida, asosan, nafis zanjirlar va uzun munchoqlarga e’tibor qaratishlari lozim. Bu aksessuarlar umumiy ko’rinishingizga jozibadorlik baxsh etibgina qolmay, bo’yingizni ham uzunroq ko’rsatadi. Ingichka kamarlar, kichik hajmdagi sumkalar, tomchi shaklidagi kulonlarni ham bee’tibor qoldirmang.
Yubka, shimlar
Qaddingizni biroz balandroq ko’rsatish niyatida bo’lsangiz, kesik joyi orqada yoki yonda joylashgan va uzunligi tizzadan pastroq yubkalar aynan siz uchun! Ular oyoqlaringizni biroz uzunroq qilib ko’rsatadi. Klassik uslubdagi, to’g’ri chiziq ostida bichilgan, oyoq kiyimingizning poshnasini yashirib turuvchi hamda tunikalar bilan mos tushadigan shim turlarini tanlang. To’ladan kelgan past bo’yli xonimlarga uzun va keng, karnay bichiqdagi (klyosh) yubkalar umuman tavsiya etilmaydi. Ular vertikal rasmli, bel qismida ingichka kamari mavjud turdagilarini tanlaganlari ma’qul.
Turmakni yuqoridan qilmang
Umumiy ko’rinishingizga to’g’ri keladigan turmaklarni tanlashga harakat qiling. Sizga tekislab, yoyilgan yoki kalta qilib kesilgan soch turmaklarini tavsiya etamiz. Uzun sochlar va hurpaytirilgan turmaklar asosan baland bo’yli xonimlarga to’g’ri keladi. Аgar sochlaringizni yig’ib yurishni yoqtirsangiz, u holda sochlaringizni juda yuqoridan turmaklamang.