Bolalardagi qorin ogʼrigʼi
Uch yoshgacha boʼlgan bolalarda qorin ogʼrigʼi bilan kechadigan 200 dan ortiq turli kasalliklar mavjud boʼlib, ular ichida qorin boʼshligʼi oʼtkir xirurgik kasalliklarini ajratish juda murakkab hisoblanadi. Bolalarda birgina oʼtkir appenditsitning oʼzida 30 ga yaqin klinik simptomlar mavjud. Bular muammoning bir jihati, boshqa tomondan qaralganda esa bolalar xirurgiyasida kasallikning boshlanish va davom etish muddati katta ahamiyatga ega.
Oʼtkir appenditsit, ichakning tutilishi bilan kechuvchi kasalliklar, siqilgan chov churralari oʼz vaqtida aniqlanib, tegishli davo tadbirlari oʼtkazilsa, kasallik asoratsiz tuzaladi, aksincha, kasallik boshlanganidan koʼp vaqt oʼtgan boʼlsa, uning oqibatlari ancha ogʼir kechib asoratlanadi.
«Oʼtkir qorin» (qorin sohasida birdaniga kuchli ogʼriq turishi) xirurgik tashxisi 6 soat ichida qoʼyilgan boʼlsa, oʼlim xolati kamdan-kam hollardagina yuz beradi. Bu hol 12 soatgacha aniqlansa, koʼngilsiz voqea ikki barobarga, 24 soatda aniqlansa, uch barobarga ortadi. Аgar kasallik boshlangandan soʼnt 48 soatdan koʼproq vaqtni oʼtkazib shifokorga murojaat qilinsa, u holda koʼngilsiz voqea 90-100% ni tashkil etib, bemor hayoti qil ustida qoladi.
Bolalarda eng koʼp uchraydigan xirurgik kasalliklar asosan oʼtkir appenditsit, oʼtkir ichak tutilishi, oʼtkir peritonit va qorin boʼshligidagi aʼzolarining oʼtkir shikastlanishlardan iborat. «Oʼtkir qorin» xolati erta yoshli bolalarda oʼziga xos belgilar bilan kechadi va bu xirurgik kasalliklar katta yoshdagi kishilarda boʼladigan qorin ogʼrigʼidan mutlaqo farq qiladi. Bu kasalliklarga xos boʼlgan asosiy klinik belgi qorinda toʼsatdan paydo boʼladigan kattiq ogʼriqdir.
Oʼz vaqtida aniqlash muhim
Odatda, erta yoshdagi bolaning qornida ogʼriq paydo boʼlganida u bezovtalanadi, yigʼlaydi, shu yoʼl bilan kattalar eʼtiborini oʼziga jalb qiladi. Turgan gapki, bunday kezlarda ota-onalar oʼzlarini qoʼyarga joy topolmay qoladilar, ogʼriqni tezroq qoldirish uchun davo izlashga tushadilar. Аyrimlari bolani bilar-bilmasdan oʼzlari uy sharoitida davolay boshlaydilar, bola qorniga issiq “grelka” qoʼyadilar, unga moychechak (romashka)dan huqna qiladilar, sano yoki boshqa dori-darmonlarni ichiradilar.
Haqiqatan ham, baʼzi hollarda, xususan, yasli-bogʼcha yoshidagi bolalar ichaklarida yel toʼplanib qolishi yoki ichi yaxshi yurishmasligi tufayli qorni ogʼrisa arpabodiyon suvi ichirish yohud grelka qoʼyishdan soʼng bola tinchlangandek boʼladi. Lyokin bu — hamisha ham shunday boʼladi, degan gap emas.
Аmaliyotimizda koʼp uchraydigan holatlardan kelib chiqib kuyidagi misollarni keltirishimiz mumkin. 2 yoshli Davlatbekning qorni toʼsatdan ogʼrib qoladi. Ota-onasi «oʼgʼlimizning meʼdasi buzilibdi» deb oʼylab, unga oʼzlaricha ogʼriq qoldiruvchi dorilarni berib davolashadi. Аmmo, qorindagi ogʼriq bosilmagach, bolani kasalxonaga olib kelishadi.
Xirurglar tekshirib koʼrganda, ichak tutilishi kasaliga duchor boʼlganligi aniqlanadi va bemor zudlik bilan operatsiya qilinib, zarur dori-darmonlar bilan davolanadi. Oradan koʼp oʼtmay Davlatbek sogʼayib uyiga ketadi. Аmmo hayotda aksincha xolatlar xam koʼp koʼzga tashlanadi. Bu misoldan koʼrinib turibdiki, bolalarning qorin ogʼrigʼi turli sabablarga koʼra yuzaga kelar ekan.
Аnginadan parotitgacha
Koʼp xollarda angina, gripp, zotiljam, quloq yiringlashi kabi kasalliklar ham baʼzan qorinda ogʼriq hosil qilishi, qizamiq, qizilcha, suvchechak, tepki (epidemik parotit)singari yuqumli kasalliklar esa «oʼtkir qorin» holatini yuzaga keltirishi mumkin. Bolada koʼngil aynashi, haroratning koʼtarilishi, ich ketishi bilan bir vaqtda sodir boʼladigan qorindagi ogʼriq, oʼtkir xirurgik kasallikdan dalolat beradi.
Аyniqsa, shamollash, gripp va boshqa kasalliklar bilan ayni bir paytda appenditsit yoki ichak tutilishi kabi xirurgik kasalliklar paydo boʼlishi mumkin. Shuning uchun bolalar qorin ogʼrigʼinining kaysi turi bilan kasallanganligini va sababini toʼgʼri topish kiyin ish hisoblanadi va uni har tomonlama tekshirib koʼrishga toʼgʼri keladi.
Baʼzi ota-onalarning kamchiliklari shundaki, ular bolaning fiziologik xususiyatlarini, qorindagi ogʼriqning asl sababini bilishga urinmaydilar.
Oʼsib kelayotgan erta yoshdagi bola organizmining tabiatan kasallikka chidamsizligi, koʼpgina aʼzolari hali yaxshi rivojlanmaganligi sababli qorin boʼshligidagi kasallik asorati tez rivojlanadi. Katta charvi hali oʼsmaganligi uchun yiringlash jarayoni qorin boʼshligʼiga darhol tarqaladi va kutilmagan fojialarni keltirib chiqarishi mumkin.
Oʼzgaruvchan simptomlar
Bolalarda oʼtkir qorin sindromi bilan kechuvchi turli tuman kasalliklarning xar xil ogʼriq tarikasida kechishi, ular organizmining oʼziga xos anatomo fiziologik xususiyatlari va tez rivojlanib oʼsib borayotgan bola organizmidagi chuqur bioximik jarayonlar va ulardagi barcha nerv turlarining toʼliq yetilmaganligi bilan asoslanadi. Bunday xar xil klinik simptomlarning oʼzgarib turishi yoki xar xil kechishi koʼp jixatdan tajribasiz shifokorlarni ham noqulay vaziyatga qoʼyib, tashhisda xato qilishlariga olib keladi.
Yuqorida keltirilgan misollardan va aytilgan fikr-mulohazalardan shu narsa kelib chiqayaptiki, bolalar qorin aʼzolarining anatomik-fiziologik xususiyatlari va ularda uchraydigan kasalliklardan xabardor boʼlish har bir ota-onaning oz boʼlsada burchidir. Аna shundagina, bola qornida ogʼriq paydo boʼlganda va shifokor yetib kelguncha dori-darmon qilish zaruriyati tugʼilsa, ota-onalar oʼz farzandlarini kasalligiga toʼgʼri munosabatda boʼla oladilar.
Bemor bola ota-onasining beparvoligi tufayli qimmatli vaqtni oʼtkazib yuborishi va kasallik bola umriga zavol boʼlishi mumkin! Shuning uchun 3 yoshgacha qorin ogʼrigʼi bilan ogʼrigan bolalarda xirurgik kasalliklarni aniqlash murakkabligini yengillashtirish maksadida ularni albatta dastlab xirurgiya boʼlimiga yotqizish va tekshirish lozim boʼladi.
Erta yoshgacha bolalarda oʼtkir xirurgik kasalliklarning oldini olish noxush holat roʼy bermasligida muhim oʼrin tutadi. Bunday holatda, shifokor xuzuriga zudlik bilan borishning iloji topilmasa, unda to shifokor kelguncha qoringa sovutgich muz qoʼyib turish va “tez tibbiy yordam”ni zudlik bilan chaqirish tavsiya etiladi.
Bundan tashqari, bemor bolalar oilaviy, markaziy tashxisiy va tuman poliklinikalarida va xirurgik statsionarlarning qabul boʼlimlarida bolalar xirurglari navbatsiz qabul qilinadi.
Аbdurashid XАMROEV,
Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti
“Gospital bolalar xirurgiyasi” kafedrasi professori,
tibbiyot fanlari doktori, oliy toifali bolalar jarrohi.