Boʼgʼim xastaliklarida qoʼshimcha muolajalar
Аrtrit (boʼgʼimlar yalligʼlanishi) ni oʼz vaqtida davolash juda muhim hisoblanadi. Kasallik rivojlanib ketmasdan avval bemor parhez tutishi, achchiq, shoʼr va yogʼli taomlardan oʼzini tiyishi lozim.
Shuningdek davolovchi jismoniy mashqlarni har kuni bajarish lozim. Boʼgʼimlar yalligʼlanishini davolashda isiriq solingan vannada oʼtirishning ham foydasi katta.
Zararlangan boʼgʼimlarni harakatlantirib turish kasallik rivojlanishining oldini oladi. Har bir kishi osteoartroz yoki artritga chalinmaslik uchun qattiq sovqotishdan saqlanishi zarur. Spirtli ichimliklar ichish va tamaki chekish ham boʼgʼim xastaliklariga imkon yaratadi. Masalan tamaki chekkan paytida tomirlar yoʼli torayadi, boʼgʼim toʼqimalarining oziqlanishi buziladi, qon tomirlar faoliyati izdan chiqadi.
Bundan tashqari sovuq va zax xonada oʼtirmang, ob-havoga qarab kiyining, yelvizaklardan oʼzingizni ehtiyot qiling.
Bodom yogʼi qizdiruvchi hususiyatga ega. Uni ogʼriyotgan joylarga surtib uqalansa ogʼriqni qoldiradi, boʼgʼimlardagi modda almashinuviga ham davo boʼladi.
Sedana asab tizimini tinchlantirish barobarida organizmdagi yalligʼlanish jarayonlarini ham bartaraf etadi. Buning uchun ertalab va kechqurun 5-10 dona sedana donlarini qaynagan iliq suv bilan chaynamasdan yutish lozim. Bir hafta davomida ushbu muolajani bajarib, soʼng bir hafta dam oling. Keyin yana shu tartibda davom ettirasiz .
Gazanda oʼt sharbati, tabiiy asal va toza spirtdan besh oshqoshiqdan olinadi va aralashtirib muzlatgichga qoʼyiladi. Ikki hafta tursin. Shundan soʼng kuniga uch mahal ovqatlanishdan oldin bir oshqoshiq ichib turiladi. Davo muddati – olti oy.
Olcha mevasi urugʼlarini maydalab, bir oshqoshigʼi bir stakan qaynoq suvga solinadi. 20 daqiqa qaynatib, tindiriladi. Qaynatmadan kuniga 3-5 mahal ovqatlanishdan oldin 2-3 choyqoshiq ichiladi.
Qadimgi tabiblar oshqovoq magʼzini choʼqqa koʼmib pishirganlar va boʼgʼimlar yalligʼlanishini shu malham bilan tuzatganlar.
Karam barglarini issiq suvga bir daqiqa solib qoʼying, soʼng suvini silqitib iliq holida tizzalarga qoʼyib bogʼlang. Bir necha soat tursin. Bu muolaja tizza boʼgʼimlarida toʼplangan “tuzlar”ni tortib oladi.
Qariqizning yapaloq barglarini ham ogʼrigan joyga hoʼyib bogʼlansa artrozning rivojlanishini toʼxtatadi.
Zira solib damlangan choy boʼgʼim dardlarini davolashda naf berishi aniqlangan. Bu ichimlik ichib turilganda eng kuchli antibiotiklardan ham koʼproq taʼsir qilib, boʼgʼimlar yalligʼlanishini yoʼqotadi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, boʼgʼimlar yalligʼlanishi (artrit) chala yo notoʼgʼri davolansa bora-bora surunkali tus oladi. Yaʼni kasallik rivojlanishi kuchayib suyaklarga ham oʼtadi, ularni yemira boshlaydi. Qarabsizki, dard tez-tez qaytalab bemorni ancha qiynab qoʼyadi.
Kasallikning oldini olish uchun kishi oʼzini chiniqtirishi, muntazam boʼgʼimlarini harakatlantirib turishi, shuningdek miriqib uxlashi, ochiq havoda sayr qilishi hamda vitaminga boy taomlar va meva-sabzavotlarni isteʼmol qilishi lozim.
Bordiyu boʼgʼimlarda ogʼriq paydo boʼlsa darhol oila shifokoriga murojaat qilib soʼngra tavsiya qilingan davo choralarini koʼrish zarur. Аks holda kasallik rivojlanish bosqichiga oʼtadi, shundan soʼng uni tuzatish ancha qiyinlashadi.
Xolmurod DАDАEV,
Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti
«Neyroreabilitatsiya va Sharq tabobati» kafedrasi dotsenti,
tibbiyot fanlari nomzodi.