BOSh MIYaNING SURUNKАLI IShEMIYaSI (asosan keksalarda uchraydi)
Bosh miyada qon aylanishning surunkali yetishmovchiligi sababli rivojlanadigan va zoʼrayib boruvchi serebrovaskulyar kasallik hisoblangan miyaning surunkali ishemiyasi keksalarda uchraydigan asab tizimi xastaliklari ichida yuqori oʼrinni egallaydi. Bu xastalikka olib keluvchi omillar quyidagilar:
qon tomir kasalliklari;
surunkali gipoksiya;
metabolik buzilishlar;
somatik kasalliklar;
turli intoksikatsiyalar.
Bosh miyada mikrotsirkulyator buzilishlarga olib keluvchi etiologik omillar ichida arterial gipertenziya va aterosklerozning oʼrni katta. Bu patologik xolatlar katta yoshli insonlarda koʼp kuzatiladi.
RUHIY BUZILIShLАR
Qariyalarda kechadigan miyada qon aylanishi buzilishiga asosan amiloid angiopatiyalar sababchi boʼladi. Bu xastalik klinikasi nevrologik, neyropsixologik va psixoemotsional buzilishlardan iborat boʼlib, ularning qay tarzda namoyon boʼlishi kasallik darajasi va ishemik oʼchoqlar joylashgan sohaga bogʼliqdir.
Kasallik klinikasining darajasiga qarab uning uch bosqichi (I-engil, II-oʼrtacha, III-ogʼir) farqlanadi.
Jizzakilik, bosh aylanishi, uyqu buzilishi, tez charchash va umumiy holsizlik kasallikning yengil (birinchi) bosqichiga xosdir. Аqliy va hissiy zoʼriqishlar ushbu belgilarni kuchaytiradi.
Kognitiv buzilishlar aksariyat hollarda nevrologik simptomlardan ancha ilgari paydo boʼladi. Bunda ayniqsa, diqqat va xotiraning buzilishi koʼp kuzatiladi. Kishi aqliy mehnat bilan shugʼullansa tez charchaydigan boʼlib qoladi.
Diqqat buzilishi sababli bemorning xotirasi ham izdan chiqa boshlaydi. Yaqindagi narsalarni eslab qolish qobiliyati pasayadi, ammo bolalik davridagi voqealar esida saqlanib qoladi. Psixoemotsional buzilishlar, yaʼni ruhan tez charchash, darrov xafa boʼlish, yigʼloqilik kabi belgilar bilan namoyon boʼladi. Bemor oʼta taʼsirchan boʼlib qoladi, unda vegetativ buzilishlar ham kuzatiladi.
Baʼzida yengil ifodalangan simptomlarga eʼtibor qilinmaydi va I bosqich aniqlanmay qoladi. Davolash muolajalari oʼtkazilmasa, kasallik II-bosqichga oʼtadi.
Ikkinchi-oʼrtacha ogʼirlikdagi bosqichda subʼektiv simptomlar yanada zoʼrayadi va unga yangilari qoʼshiladi. Bemorning uyqusi buziladi, kunduzi uyqu bosadi, kechasi esa uxlay olmaydi yoki tez uygʼonib ketadi, koʼp tush koʼradi. Bosh ogʼrigʼi doimiy tus oladi va oddiy analgetiklar yordam bermay qoʼyadi. Bosh aylanishi kuchayadi va orqaga chayqalib ketishlar sezila boshlaydi. Diqqat va xotira buzilishlari kuchayadi. Аqliy charchash bilan birgalikda jismoniy toliqish ham paydo boʼladi.
DIQQАTNI JАMLАSh QIYINLАShАDI
Bosh miyada qon aylanishi surunkali kuchaygani sayin nevrologik va neyropsixologik simptomlar zoʼrayib boradi. Ikkinchi bosqichda vrachga murojaat qiluvchilar soni koʼpayadi. Bemorlarda tafakkur buzilishlari koʼp kuzatiladi.
Kognitiv buzilishlar, yaʼni diqqatni toʼplay olmaslik, xotira susayishi va tafakkur izdan chiqishi bemorning kasbiy mahoratiga salbiy taʼsir koʼrsatadi. Hatto depressiyaga olib kelishi mumkin.
Uchinchi-ogʼir bosqichida diffuz bosh ogʼrigʼi, xotira susayishi, uyqusizlik, quloq shangillashi, bosh aylanishi, yurganda gandiraklab ketish bemorning asosiy shikoyatlariga aylanadi.
Аqliy mehnat bilan shugʼullanuvchilar oʼz vazifasini talab darajasida bajara olishmaydi. Аksariyat bemorlar kundalik oilaviy yumushlarni ham eplay olmay qolishadi. Jismoniy va ruhiy charchash zoʼrayadi.
Bemorning tafakkur doirasi torayadi, u ezma, injiq, maydagap boʼlib qoladi. Uning xarakatlarida amiostatik sindrom alomatlari ham paydo boʼladi.
QOʼZGʼАLUVChАN SINDROMLАR
Miyaning surunkali ishemiyasida qariyalarda bir necha xil sindromlar kuzatiladi.
Peshona sindromida dementsiya, ogʼir ruhiy buzilishlar namoyon boʼladi. Peshona ataksiyasi roʼy berib, bemor chayqalib yuradi va yurganda yiqilib tushish holatlari kuzatiladi.
Baʼzida peshona sindromi kuchli psixomotor koʼzgʼalishlar bilan namoyon boʼladiki, ushbu vaziyatda bemorni boshqarish qiyinlashadi. Gohida esa aksincha, bemorning irodasi soʼnadi. Kasallik zoʼraygan sayin tos aʼzolari funktsiyasini nazorat qilish ham sustlashadi.
Tomir dementsiyasida kognitiv buzilishlar (zehn, idrok, fikr buzilishlari) nevrologik buzilishlardan ustun keladi va bemorda dementsiya rivojlanadi. Bora-bora bemor chap va oʼng, yuqori va pastning farqiga bormay qoʼyadi. Koʼruv agnoziyasi va amnestik afaziya tufayli yaqinlarini tanimaydi va ularning ismini unutadi. Ushbu buzilishlar subkortikal aterosklerotik entsefalopatiya, yaʼni Binsvanger kasalligi deb ham ataladi
Parkinsonizm va psevdobulbar sindromlari oʼziga xos tarzda kechadi. Parkinsonizm sindromida bemorda siydik tutolmaslik holati paydo boʼladi. Psevdobulbar sindromida esa oʼz-oʼzidan yigʼlash va kulish, dizartriya, disfagiya va disfoniya vujudga keladi. Bu buzilishlar koʼpincha amiostatik sindrom va poʼstloq osti dementsiyasi bilan birgalikda namoyon boʼladi.
Vertebrobazilyar sindrom umurtqa arteriyalari va bazilyar arteriya zararlanishi bilan bogʼlik boʼlib, miya ustuni va miyacha simptomlari bilan namoyon boʼladi. Doimiy bosh aylanishi, eshitishning pasayishi, nistagm ataksiya va intension tremor kabi belgilar kuzatiladi.
Аgar ishemiya uzunchoq miyaning pastki qismida kuzatilsa bulbar falajlik roʼy beradi.
Bosh miyaning surunkali ishemiyasi holatlari kuzatilganda bemor nevrolog shifokorga murojaat etib, jiddiy davolanishi lozim. Koʼp bosqichli muolajalar va yaqin kishilarning mehr-eʼtibori bemorning ahvolini birmuncha yengillashtiradi.
Elbek MIRJOʼRАEV,
nevrolog, tibbiyot fanlari doktori, professor.