MAQOM HAQIDA. Maqom nima?
Maqom san’ati ko`pchilik Sharq xalqlari musiqa merosida mavjud bo`lib, milliy musiqaning asosini tashkil etadi. Maqomlar ma’lum tartibda yaratilgan turkumli musiqiy majmua bo`lib, bastakorlik ijodiyotining o`ziga xos sayqal berilgan turidir. Maqomlar keng
ma’noda xalq musiqasi qomusidir. Chunki ularda, xususan Shashmaqomda o`zbek va tojik xalqlari musiqasiga xos vazn xususiyatlari, sado-ohanglar, doira usullari, she’riyat bilan xalq ashula yo`llarining bog`lanish qoidalariga asoslangan qator jabhalar o`z to`laqonli ifodasini topgan.
Maqom nima? Maqom arabcha «joy», «o`rin», «makon», musiqa tushunchasida esa cholg`u asboblarida tovush hosil etiladigan joy, ya’ni aslida parda ma’nosini bildiradi. Maqom muayyan pardadan boshlanadigan lad — tonallikni, hamda ularga mos keladigan kuy va ashulalar majmuasini ham ifodalaydi. «G`iyosul-lug`at» qomusining muallifi G`iyosuddin o`tmish olimlarining mulohazalariga tayanib, maqom iborasini quyidagicha ta’riflaydi: «Maqom – pardai surudro go`yand» – «Maqom deb kuy va ashulalar pardasiga aytiladi». Bu erda kuy va ashulalar boshlanadigan parda hamda ular harakat etadigan lad tovushqatorlari hisobga olingan albatta.
Musiqaga doir eski manbalardan ma’lumki, maqomlarning tarixiy — nazariy va amaliy tamonlari bor. Ularning nazariy masalalari IX-XV asrlarda yashab ijod etgan Kindiy, Farobiy, Xorazmiy, Ibn Sino, Urmaviy; Sheroziy, Marog`iy, Jomiy va Husayniy kabi buyuk olimlarning risolalarida chuqur ilmiy asosda sharhlab berilgan. Shuni qayd etish lozimki musiqa nazariyasi hamma Sharq xalqlarida ba’zi tafovutlarni hisobga olmaganda deyarli bir xil mazmunda bo`lgan. Hatto maqomlar, sho`’balar nomi ham o`xshash edi. Lekin, ularning musiqiy mazmuni har bir xalqning o`ziga xos bo`lib, bir-biridan tubdan farq etgan.
O`tmishdagi musiqiy nazariy risolalarda O`n ikki maqom (Duvozdah maqom) majmuasi va unga kirgan 24 sho`’ba va olti ovoza haqida mulohaza yuritiladi.
Ma’lumki, Temur davridan boshlab, to XVIII asrgacha yaratilgan musiqa risolalarida, adabiy, tarixiy va badiiy manbalarda maqomlar ustida ijodiy ish olib borgan sozanda-bastakorlar, ular yaratgan kuy va ashulalar nomlari keltiriladi, ularning qaysi maqomga tegishli ekani, doira usullari haqida gapiriladi. Musiqa risolalarida keltirilgan o`n ikki maqomlarning pardalari olti maqomdagi shakligi deyarli mos keladi yoki ular juda yaqindir.
XVI-XVII asr olimlaridan Najmiddin Kavkabiy va Darvish Ali Changiy kabi olimlarning risolalarida Buxoro xonligi davrida joriy etilgan O`n ikki maqom va ular asosida kuy ashulalar bastalagan san’atkorlar haqida gapiriladi.
O`n ikki maqomning Shashmaqomga munosabati masalasiga kelsak ulardagi maqom va sho`’balar nomi ko`pincha bir xil. Bu esa O`n ikki maqomdagi ayrim maqom va sho`’balar olti maqomga birlashtirilib, yaxlit turkum holiga keltirilganidan darak beradi. Shashmaqom tarkibida O`n ikki maqomdagi nomlar uchrashini hisobga olib, bu erda O`n ikki maqom va ularning sho`’balarini sanab o`tamiz. O`n ikki maqom majmuasiga quyidagi maqomlar, ularning ma’lum ko`rinishlari — ovozi va sho`’balar kiradi: Ushshoq, Navo, Busliq, Rost, Husayniy, Hijoziy, Rohaviy, Zangula, Iroq, Isfahon, Zirafkand, Buzruk.
Ovozlar: Navro`z, Salmak, Gardoniya, Gavasht, Moya, Shashnoz.
O`n ikki maqomning sho`’balari quyidagicha ataladi: Dugoh, Segoh, Chorgoh, Panjgoh, Ashiyran, Bayotiy, Navro`zi Arab, Navro`zi Xoro, Navro`zi Bayotiy, Hisor, Nuxuft, Uzzol, Avj, Nayriz, Mubarka’, Rakb, Navro`zi Sabo, Humoyun, Zovuliy, Isfaxonak va Ro`yi Iroq, Bastai Nigor, Nihovand, Javziy, Muxayyar.
classicmusic.uz