Tish oldirgan boʼlsangiz
Maʼlumki, tish oldirgandan soʼng tish uyasi bir kecha-kunduz ogʼriydi. Oʼta sezuvchan kishilarda esa ogʼriq 3-4 kunlab davom etishi mumkin. Buning oldini olish uchun ayrim tavsiyalarga amal qilish kerak. Yaʼni, tish oldirgandan soʼng 2-3 kun davomida koʼp kuch talab etuvchi jismoniy mehnat qilmang, egilish harakatlaridan ehtiyot boʼling, ogʼir yuk koʼtarmang, jismoniy tarbiya bilan ham shugʼullanmay turing. Birinchi kuni tishlarni tozalamang, har gal ovqatlanganingizdan keyin xona haroratidagi toza suvga biroz tuz yoki isteʼmol sodasi (bir stakan qaynatilgan suvga bir choy qoshiq) solib, ogʼzingizni chaying.
Tish olingan joyda hosil boʼlgan qon quyqasi oʼrnidan koʼchib ketmasligi uchun ogʼizni juda ehtiyotkorlik bilan chayqash kerak, chunki qon quyqasi jarohat tez bitishini taʼminlaydi. Ikki-uch kun davomida tish olingan joy atrofidagi tishlarni tozalamay turing. Bir necha kun ovqatni tish oldirgan tarafingiz bilan chaynamang va oʼta issiq yeguliklarni yemang. Ogʼriqni kamaytirish uchun lunjingizga muzni salfetkaga oʼrab qoʼysangiz ham boʼladi.
Аslida ogʼriq qancha kuchli boʼlmasin, tishlarni oldirishga shoshilmaslik kerak. Chunki tish va jagʼ aʼzolari nafas olishda, organizmni kislorod bilan taʼminlashda, soʼzlarni chiroyli talaffuz qilishda ishtirok etadi. Turli sabablarga koʼra tish qatorlarining butunligi buzilsa tish va jagʼ aʼzolari faoliyati va anatomik tuzilishi oʼzgaradi. Masalan, jagʼda bitta yoki ikkita tish tushib ketgan yoinki ogʼriganda sugʼurib tashlangan boʼlsa, bu nuqson sanaladi. Negaki, keyinchalik tishlar jagʼning tishsiz tomoniga ogʼadi. Natijada tish va jagʼ aʼzolarining faoliyati buziladi, ovqat yaxshi chaynalmaydi. Taomni yaxshi chaynamay yutish esa meʼda yalligʼlanishiga, gastritga olib keladi.
Tishlarning koʼpi tushib ketganda jagʼ suyaklari kichrayib qoladi. Bunda yuz mushaklari, ayniqsa chaynov mushaklari qisqaradi, bunday oʼzgarishlar tufayli kishining iyagi old va yuqori tomonga turtib chiqadi, lunjiga botib ketadi, yuzning pastki qismi qisqarib husn buziladi. Shuningdek, tishlar butunlay tushib ketganda odamda turli xil xastaliklar paydo boʼladi. Аyniqsa bolalarning tishlari toʼkilib ketganda yuzi choʼkib, yuqori labi qisqaradi, nutqi ham ravon boʼlmaydi. Bunday hol uzoq davom etsa, bola kamgap va odamovi boʼlib qoladi. Buning ustiga ovqatni yaxshi chaynolmasdan qiynaladi, oshqozonda kasallik yuzaga keladi, jagʼ mushaklari notoʼgʼri rivojlanadi.
Koʼpchilik kishilar tishlarini oldirgach, yasama tish (protez) qoʼydirishadi. Аytish joizki, protez qoʼyilgan dastlabki kunlarda odam unga oʼrgana olmay koʼngli aynishi, ravon nafas ololmasligi, ogʼzida koʼp soʼlak ajralishi, issiq va sovuqqa taʼsirchanlik, ovqatni uzib olish va chaynashda qiyinchiliklar boʼlishi kuzatiladi. Maslahat shuki, protezga oʼrganish uchun uni bir-ikki haftagacha ogʼzingizdan olmang, albatta ozoda tuting. Mabodo ogʼritsa darhol shifokorga boring. Olinmaydigan protez qoʼyilgan boʼlsa kuniga 2 mahal tishlarni yaxshilab yuvish shart.
Olib qoʼyiladigan tish protezlari dastlab lunjning ayrim joylarini ogʼritadi, lablar va jagʼ tez charchab qoladi. Ovqat ham yaxshi chaynalmaydi. Bunday vaqtda kitobni ovoz chiqarib oʼqish, lab-lunj va tilni qimirlatib harakatlantirish hamda qattiq gapirish protezga oʼrganishni osonlashtiradi. Protezlarni xuddi tishlarni parvarishlagandek yaxshi tozalash lozim. Ularni kechasi ogʼizdan olib qoʼyib uxlagan maʼqul, aks holda shilliq qavatga va jagʼlarga yomon taʼsir etib ularni yalligʼlantiradi. Har gal ovqatlanib boʼlgach, protezlarni ogʼizdan olib, suv bilan yuvish va ogʼizni chayish kerak. Umuman, protezlarni ogʼizdan olib kechasi tish choʼtkasi yordamida yuvish yoki tish pastasida tozalash, soʼng ogʼzi bekiladigan idishga solib qoʼyish zarur.
Zaynab VАLIEVА, stomatolog, pedagog.