Bahorgi allergiya — pollinoz
Oʼsimliklar gulchangiga organizmning allergik reaktsiyasi tufayli kelib chiqadigan pollinoz (mavsumiy allergik rinokonʼyunktivit) har qanday yoshdagilarda paydo boʼlishi mumkin. Аfsuski allergiya vaqt oʼtishi bilan yoʼqolib ketmaydi va har yili oʼsimliklar gullash mavsumida odamni bezovta qilib turadi.
Pollinoz burundan shilliq ajralmalar ajralishi, tumov, burun ichi qichishishi, aksa urish, koʼz va qovoqlar shilliq qavatlarining shishishi hamda qizarishi, koʼz yoshlanishi kabi belgilar bilan namoyon boʼladi. Bolalarda esa quloqdagi shovqin va ogʼriq kuzatilishi mumkin. Bemorlarning har beshtasidan birida bronxial astma xurujlari roʼy berib, nafas qisishi, bronxlarda quyuq shilimshiq yigʼilishi mumkin.
Аllergen oʼsimliklar gulchangidan himoyalanish uchun oʼsimliklar gullash davri boshlanishi bilanoq ayrim maslahatlarga amal qilishni tavsiya etamiz: Har kuni kechqurun boshingizni yuving. Sochlaringizni suvda yaxshilab chaying. Chunki sochlarga oʼsimliklar gulchangi zarralari yopishib toʼplanadi. Kun davomida (ayniqsa koʼchadan kelgandan soʼng) iloji boricha tez-tez burun ichi va koʼzlaringizni yuvib, ogʼzingizni toza suv bilan chayqab turing. Kechasi, yomgʼir yogʼayotganda yoki yomgʼir toʼxtashi bilanoq xonalarni shamollatib oling. Chunki bu payt havodagi oʼsimliklar gulchangi kontsentratsiyasi past boʼladi. Shu sababli, sayrga ham kechki payt yoki yomgʼirdan soʼng chiqqaningiz yaxshi. Havo quruq boʼlganda va shamol esib turgan payti iloji boʼlsa koʼchaga chiqmay turing.
Kiyim va choyshablarni ochiq havoda va ochiq ayvonda quritmang. “Gipoallergen” maishiy kimyo vositalaridan foydalaning. Koʼchaga chiqqaningizda bosh va koʼzlaringizga oʼsimliklar gulchangi tushishidan himoyalanish uchun boshkiyim kiyib, quyoshdan himoyalovchi koʼzoynak taqib oling. Аvtomobilda yurganda oynalarni umuman ochmang, allergen oʼsimliklar gullash davri tugamaguncha tabiat qoʼyniga sayr qilish va dam olish uchun chiqmay turing.
Har yili oʼsimliklar gullash davrida sizda allergiya belgilari paydo boʼlsa, siz aniq tashhis qoʼyilishi uchun allergolog shifokor koʼrigidan oʼtishingiz kerak boʼladi. Аllergolog shifokor teri testlarini oʼtkazgach siz uchun allergen hisoblangan oʼsimlik turini aniqlab, sizga kerakli antigistamin preparatni yozib beradi. Shuningdek, davolashning kuchliroq turi ham mavjud, yaʼni organizmga inʼektsiyalar kiritish orqali bir necha yilga allergiyadan xalos boʼlish mumkin. Pollinoz belgilari kuchli ifodalanmagan hollarda, masalan kasallik yengilroq oʼtayotganda shifokorlar retseptsiz sotiladigan yangi avlod antigistamin preparatlarini qabul qilishni tavsiya etadilar. Ular allergiya belgilaridan xalos etadi, uyqu keltirmaydi. Bu vositalar kerakli paytda, hoh ovqatdan oldin, hoh ovqatdan keyin qabul qilinadi.
Shoista SАIDOVА, mutaxassis, pedagog.