Qon guruhining xarakter va salomatlikka ta’siri
Xarakter va salomatlik qon guruhiga bog’liq ekanligi haqidagi ilk g’oyalar 1980-yillarda Yaponiyada paydo bo’la boshlagan. Yaponiyalik olimlar Toshitaka Nomi va Aleksandr Besher muallifligida chop etilgan “Qon guruhing bu – sen” nomli kitob qon guruhining odam fe’l-atvoriga ta’siri haqida edi. Kitobda turli qon guruhidagilarga maslahatlar berilar ekan, unda sog’lik, xarakter, insonlar bilan muloqot kabilar kengroq yoritilgan.
Qon guruhi inson xarakteriga ta’sir qiladi. Stress holatini qanday o’tkazish, kasalliklarga nisbatan moyillik, insoniy munosabatlarda ham uning ahamiyati katta.
Yaponiyalik olimlarning mavzuga doir ba’zi qiziqarli ma’lumotlarini beramiz. O’ylaymizki, biz va atrofimizdagilarga aloqador bo’lgan bu ma’lumotlar hech kimni befarq qoldirmaydi.
Qon guruhi bir bo’lganlar kuchli jur’at egalari hisoblanadi. Ular tug’ma etakchi, tashabbuskor va optimist bo’lib, maqsadga qaratilgan kuchli intilish egasidir. Ular tanqid va tanbehni yomon qabul qilishadi. Bu guruh vakillarining organizmalari o’ta chidamli bo’lgani uchun, ular orasida uzoq umr ko’ruvchilar ko’pchilikni tashkil qiladi. Eng ko’p uchrovchi kasalliklar: asab va o’n ikki barmoqli ichak xastaliklari, oshqozon yarasi, gastrit va boshqa hazm tizimi bilan bog’liq kasalliklar. O’zlaridagi tabiiy kuch, sog’lomlikni saqlab qolishlari uchun oqsilga boy taomlar va jismoniy mehnatni qilmasliklar kerak.
Qon guruhi ikki bo’lganlar barqaror fe’l-atvor egalaridir. Tartibni birinchi o’ringa qo’yuvchi bu guruh vakillari tasodiflardan ko’ra tashkillashtirilgan hodisalarni afzal ko’radi. Muammolari va tashvishlarini yashirishga moyil bo’lgan ikkinchi qon guruhi egalari aslida hissiyotga beriluvchan bo’lib, tez-tez depressiya holatiga tushib turishadi. Kam jismoniy harakat qilganlari bois, quyidagi xastaliklarga moyil bo’lishadi: revmatizm, diabet, yurak faoliyati kasalliklari, bronx yo’llari astmasi, allergiya, xolestistit, buyrak toshi. O’z salomatliklarini tiklash uchun ularga dam olishni to’g’ri tashkil etish, taomnomalaridan go’sht mahsulotlarini bir oz uzoqlashtirish tavsiya etiladi. Jismoniy mashqlardan yoga, tay-chi va shunga o’xshash sport turlari bilan shug’ullanganlari ma’qul.
Qon guruhi uch bo’lganlar haqiqatan ham o’ziga xos odamlardir. Ijodkor tabiatli, ijobiy ma’noda o’zboshimcha. Odatda ularning ko’pchiligi o’tkir iste’dot, boy tasavvur egasi. Bor diqqatini sevimli mashg’ulotiga qarata olish ularning muvaffaqiyati kalitidir. Ba’zan aynan shu tufayli odamlar bilan muloqotga yaxshi kirisholmay, odamovi va kamgap ko’rinsalarda, aslida ta’sirchan shaxs hisoblanishadi. Salomatlik bobida bu guruh vakillari birinchi va ikkinchi guruhlar o’rtasida turadi. Ular orasida eng ko’p uchrovchi kasalliklar: radikulit, ostexondroz, bo’g’im kasalliklari. Salomatliklarini tiklash uchun ularga jismoniy mashqlarning barchasi foydalidir.
Qon guruhi to’rt bo’lganlar ajoyib tashkilotchi, yumshoq tabiatli, bosiq fe’lli kishilardir. Kichkina narsalarga vaqt sarflamay, ko’p narsani o’rganishga, imkoni boricha ishni oxiriga etkazishga harakat qilishadi. To’rtinchi guruh vakillari immun tizimining mustahkam emasligidan aziyat chekadilar. Ularga immunitetni mustahkamlovchi mashqlar, asosan, velosipedda sayr, suzish va piyoda yurish foydali. Bundan tashqari, S vitaminiga boy taomlar ham tavsiya etiladi. Eng ko’p uchrovchi kasalliklar: shamollash va ularning asorati hisoblangan angina, gaymorit.
Manba: Niso.uz