Dilorom Karimova haqida

Nima uchun mashhur?

Shov-shuvli premerasi o‘tkazilgan «Ilhaq» filmi bosh qahramoni — Zulfiya aya roli ijrochisi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. Shuningdek, «Opa-singillar»da qaynona obrazini yaratgan. Singlisi O‘zbekiston xalq artisti Malika Ibragimova.

Qanday mashhur bo‘lgan?

Aktrisa 1948 yil 9 fevralda tavallud topgan. Uning otasi toshkentlik Abdumalik Ibragimov ko‘ngillilar qatorida Ikkinchi jahon urushi frontiga otlansa-da, uni buyurtmaga asosan shaharda qoldirishgan, fabrikada ishlash bilan birga dars bergan. Onasi Muazzam opa esa urush yillarida shifoxonada ishlagan. Maktabda bo‘lajak aktrisa a’lo baholarga o‘qiydi. Koinotga, yulduzlar-u sayyoralar tizimiga qiziqadi. Hatto astronom bo‘lishni orzu qiladi. Ammo maktab yonidagi drama to‘garagi qizning e’tiborini ko‘proq o‘ziga tortadi.

Har safar teatrga borganida sahnadagi olamni yanada yaxshiroq ko‘rish uchun spektaklni tik turgan holda tomosha qiladi. Ana shu tariqa unda teatrga mehr uyg‘onadi. U dastlabki aktyorlik mahoratini Yunus Rajabiyning katta o‘g‘li Ahmad Yunusovdan oladi. Lekin Ahmad Yunusov aktrisaning san’atdagi qobiliyatiga qaramay, unga ilm yo‘lini tanlashni maslahat beradi. Otasi ham san’at institutiga kirishiga qarshi bo‘ladi. Biroq har gal televizion spektakllardan so‘ng Diloromni tomoshabinlar mehr bilan olqishlashayotganining guvohi bo‘lgach, qiziga rozilik beradi.

Ahmad Yunusov esa Diloromni tibbiyot oliygohida o‘qishga undayveradi. Dilorom san’at oliygohiga hujjat topshirgani uchun hatto tarsaki ham yeydi. San’at oliygohini bitirib, Hamza nomidagi milliy teatrda ish boshlaydi va qator bir-biridan ajoyib rollar yaratadi. Birgina «Parvona» spetaklidagi Nazokatning kenoyisi obrazini eslashning o‘zi kifoya («Uxojooor»). Dilorom opa keyinchalik faoliyatini televideniyeda davom ettiradi. «Ostonasi tillodan», «Oltin beshik» ko‘rsatuvlariga rejissyorlik qiladi, filmlarga stsenariylar yozadi. Ko‘pchilikka manzur bo‘lgan «Quyoshi botmaydigan yurt» serialining ham muallifi, ham rejissyori. 2017 yilda otasi xotirasiga bag‘ishlangan «Po‘rtana» nomli kitobi nashr etiladi. Dilorom Karimova «Opa-singillar» (qaynona), «Ilhaq» (Zulfiya aya), «Toliqqan ko‘ngillar oyga talpinar», «Parizod», «Uchar otlar», «Uqubat», «Zabarjad» kabi filmlarda turli obrazlarni yaratgan.

Mashhur nima deydi?

«Otamdan menga meros bo‘lib dard qoldi. Shu bois dardni his etadigan inson bo‘lib ulg‘aydim. Bugun otamning yoshidan o‘tib, otamday qarib qolgan bo‘lsam-da, u kishi bilan bog‘liq xotiralar hanuz meni qo‘yib yubormaydi».

«Haligacha ertaklarda yashayman. Bu menga xafa bo‘lmaslik, haqiqatga mutlaqo boshqa ko‘z bilan qarashni o‘rgatadi».

«Aktyorlik kasbi bizni dunyoga qalbimizni ochishga, boshqalarning dardi va azoblarini his etishga majbur qiladi».

new.fikrat.uz