Nok ekish va parvarishlash bo‘yicha tavsiyalar
Ekish uchun tavsiya etiladigan nok navlari: Vilyams, Lesnaya Krasavitsa, Lyubimitsa Klappa, Olivye de Serr, Podarok, Starkrimson va h. k.
Ko‘chatlarni ekishga tayyorlash va ekish. Ko‘chatlarni ekishga tayyorlashda avvalo, tomorqa maydonida suvning yurishi hisobga olinib, yer yaxshi tekislanadi. Maydonning har kvadrat metrga 6-10 kg go‘ng, chirindi, 200-250 g fosfor, 100-120 g kaliy va 150-200 g ammoniyli azot o‘g‘iti solinib, chuqur (25-30 sm) haydaladi.
Nokni payvandtaglariga qarab ekish sxemasi o‘zgaradi: kuchli o‘suvchi payvandtagda – 6×5 m (sug‘oriladigan bo‘z tuproqlarda) va 5×5 m (shag‘alli-qumlik tuproqlarda), o‘rta bo‘yli payvandtagda 5×4 m, past bo‘yli payvandtagda – 3×2,5 m. Bu yerda 3 m – ko‘chat qatorlari orasidagi masofa, 2,5 m – ko‘chatlar orasidagi masofa. Olma ko‘chatlarini ekish muddati kuzda noyabr oyiga, erta bahorda esa fevralning oxiri-mart oyining boshlariga to‘g‘ri keladi.
Ko‘chat ekish uchun chuqurligi va kengligi 60×60 sm bo‘lgan chuqurchalar kovlanadi. Chuqur qazishda tuproq ustki qismini 20-25 sm qatlami o‘raning bir tomoniga, qolgan qismi ikkinchi tomonga olib qo‘yiladi. O‘raga 350-400 g fosfor, 30-40 g kaliy o‘g‘iti hamda 8-10 kg chirigan go‘ngni tuproq bilan aralashtirib solib, keyin ko‘chat ekiladi. Ko‘chatni ekishdan oldindan tayyorlab qo‘yilgan shaltoqqa (yangi mol go‘ngi tuproq bilan 1:1 nisbatda aralashtirilib, qaymoqsimon massa tayyorlanadi) botirib olish lozim.
Ko‘chat o‘raga tik holda qo‘yilib, tuproq bilan ko‘miladi. Ko‘chatni payvand qilingan joyi tuproqdan 4-5 sm yuqorida qolishi kerak. Ko‘chat ekilgandan so‘ng har bir chuqurga to‘latib suv quyiladi. Shunda tuproq zichlanib, nihol yaxshi ko‘karadi. Tuproq cho‘kkandan so‘ng ko‘chat atrofiga yangi tuproq solib, to‘ldiriladi. Ko‘chatlar tuproqning namligiga qarab vaqti-vaqti bilan sug‘orib turiladi.
Tomorqa maydoni 0,03 ga bo‘lsa, ushbu maydonning quyosh tushadigan sharqdan janubga qaragan tomoniga nokning o‘rta bo‘yli ertaki, o‘rtaki va kechki navlaridan 2-3 tupdan ekish tavsiya qilinadi. Tomorqa maydoni 0,06 ga bo‘lsa, yarmiga sabzavot ekinlari, qolgan qismiga esa mevalik daraxtlar, 0,10 ga bo‘lganda sabzavot uchun maydon qoldirib, qolgan kattaroq qismiga mevali ko‘chatlarni joylashtirish mumkin.
Parvarishlash. Daraxtlarga bahorda yarusli (qavatli) qilib shakl beriladi. Bunda daraxtning birinchi qavatida 3-4 dona asosiy shox qoldiriladi, qolganlari qirqib tashlanadi. Ikkinchi qavat shoxlari asosiy shoxlardan 30-40 sm, birinchi qavat shoxlaridan 25-30 sm masofada qoldiriladi. Uchinchi qavat shoxlari ham shu zaylda shakllantiriladi. Shakl berishda shox-shabbalarning bir-biriga soya berishini oldi olinib, bir maromda siyraklashtiriladi.
Yana o‘qing: Asalli tort
Daraxt hosil qilmaydigan yilida butash tizimi quyidagicha amalga oshiriladi: shu yili o‘sib chiqqan novdalar kuchliroq kaltalashtiriladi, xalqasimon meva shoxlari siyraklashtiriladi, murakkab xalqasimon shoxlar kaltalashtiriladi. Daraxtlar hosil bergan yili novdalar 35-40 sm o‘sgan eski shoxlariga taqab qirqiladi. Bir yillik novdalarni qisqartirish hosil kurtaklarini ko‘payishiga olib keladi.
Tomorqadagi nok daraxtlariga 300-350 g azotli, 250-300 g fosforli va 200-250 g kaliyli o‘g‘itlar sof holda solinishi tavsiya qilinadi. Har 2-3 yilda o‘rtacha 50-60 kg chirigan go‘ng solish hosildorlikni oshiradi.
Bo‘z tuproqlarda olma daraxtlari o‘suv davri mobaynida 4-6 marta, shag‘alli yerlarda 10-12 marotaba sug‘oriladi.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Nok daraxtiga zararkunandalardan nok shira burgasi, meva kanasi, kasalliklardan kalmaraz (parsha) zarar keltiradi.
Nok shira burgasiga qarshi erta bahorda 25 foizli Sepirmetrin em. k. (10 l suvga 20 g) purkaladi. Ushbu preparatlar bo‘lmaganda tamaki qaynatmasidan foydalanish mumkin.
Meva kanasiga qarshi 17,5 foizli Perfekto sus. k. (10 sotix maydon hisobiga 15-20 ml) purkaladi.
Nokning kalmaraz (parsha) kasalligiga qarshi Bordo suyuqligining 3 foizligi (10 l suvga 300 g mis kuporosi va 300 g so‘ndirilmagan ohak) sepiladi. Kasalliklarga qarshi tadbirlar dori vositalari kurtaklar yozilguniga qadar o‘tkaziladi.
Hosilni yig‘ishtirish. Nok mevalari bandiga zarar yetkazmasdan uzib olinadi. Ba’zi mahalliy navlar terilganidan so‘ng maxsus issiq sharoitda saqlanganda o‘ziga xos yumshoqlikka ega bo‘ladi. Kechki navlar terilganidan keyin saqlashga qo‘yilsa, ular bir necha hafta o‘tgach pishib, iste’molga yaroqli bo‘ladi.
Sh. Ahmedov