Bolajonlar uchun bayram sovg‘asini tanlaymiz
Har bir ota-ona dekabr oyi boshlanishi bilan “Yangi yilda farzandimga nima sovg‘a olsam ekan?” deb bosh qotiradi. Sir emaski, jajji qalb sohiblari bu bayramdan o‘zgacha bir mo‘jiza kutishadi. Ular ertaklardagi voqealar real hayotda yuz berishiga astoydil ishonishadi. Shunday ekan quyida bolajonlarga sovg‘a tanlash uchun ota-onalarga bir qancha tavsiyalar berib o‘tamiz.
Yangi yil arafasida farzandingizdan Qorboboga xat yozishini so‘rang. Dilbandingizga u istagan sovg‘a ushbu nomada qayd qilinishi kerakligini tushuntiring. Agar bolajoningiz o‘z istaklarini mustaqil bayon eta olsa juda yaxshi, aksincha bo‘lsa, undan ko‘maagingizni ayamang. Bu farzandingizga sovg‘a tanlashda eng qulay usul sanaladi.
2-4 yosh. Bola umrining eng mo‘jizakor davri hisoblanadi. Bu yoshda kichkintoy Qorboboning borligiga tamoman ishonadi. U taqdim etgan sovg‘ani hayrat to‘la nigohlar bilan qabul qiladi. 2 yosh – bolakayning xotirasida muhrlanib qoluvchi davr sanaladi. Shunday ekan, uning birinchi Yangi yili desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu yoshda ertaknamo sovg‘a taqdim qilsangiz ayni muddao.
O‘g‘il bolalarga konstruktor, tebranib turuvchi ot, somokat, koptok, yosh musavvir uchun kerak bo‘ladigan qalam, bo‘yoq va qog‘ozlar jamlanmasi, yig‘ish mumkin bo‘lgan avtomobil, o‘yinchoqlar rasmi tushirilgan kitobcha, katta hajmli qurilish kubikchalari, uch g‘ildirakli velosiped, bolalar multifilmlari jamlangan disk.
Qiz bolalar uchun ko‘ngilochar o‘yinchoqlar, qo‘g‘irchoqlar, ularni solishga mo‘ljallangan aravacha, rasm chizish uchun taxta, sumkacha, yorqin rangdagi soch uchun to‘g‘nog‘ichlar, Yangi yilni kutib olishga mo‘ljallangan ko‘ylakcha.
Unutmang, 2-3 yoshli bolajon uchun Yangi yil bayrami u anchadan beri kutgan ertakdir.
5-6 yosh. 5 yoshli bolakaylar Yangi yil mo‘jizakor bayram hamda unda Qorbobodan istalgan sovg‘ani olish mumkinligini juda yaxshi bilishadi. Shu sabab, ular bayramni intiqlik bilan kutishadi. Bu yoshdagi bolalarga beriladigan tuhfalar biroz kutilmagan, chiroyli va albatta yorqin bo‘lishi kerak. 6 yoshda bolakay hamma narsani bilishga intiladi. Uning hayotida ertak va mo‘jizalar uchun yetarli joy ajratilgan.
O‘g‘il bolalarga poyga mashinalari yoki mototsikl, poyezd va temir yo‘l, sevimli multifilm qahramoni tasvirlangan o‘yinchoq, stol o‘yinlari, plastmassa yoki yog‘och konstruktor, magnit taxtadagi o‘yinchoqlar, musiqa anjomlari(gitara, doira, rubobcha) taqdim etishingiz mumkin.
Yana o‘qing: Mo‘jizalar yili bo‘ldi
Qiz bolalarga velosiped, oshxona jamlanmasi (unda qo‘g‘irchoq uchun barcha idishlar mavjud bo‘ladi), katta yumshoq o‘yinchoq, sotuvchi, shifokor va sartarosh ishlatishi mumkin bo‘lgan anjomlar hadya qilsangiz bo‘ladi.
7-8 yosh. 7 yoshda bolajonlarni Qorboboning mavjud ekanligiga ishontirish biroz qiyin kechadi. Ko‘pgina sovg‘alar uning ota-onasi tomonidan taqdim qilinayotganini bola his qiladi. Farzandingiz yil davomida eng ko‘p kutgan va orzu qilgan narsasini sizdan so‘rashi mumkin. Bu yoshda bolaning istaklaridan kelib chiqib, xadya tanlashingiz oson kechadi.
O‘g‘il bolalarga osongina yasash mumkin bo‘lgan bino yoxud qasr qurilmasi, qo‘l soati, bo‘lajak musiqachi uchun gitara, pianino, qiz bolalar uchun esa o‘yinchoq tikuv mashinasi, shaxmat, kitobchalar, globus sovg‘a qilish mumkin.
9-10 yosh. Bu yoshda farzandingizning xohish-istaklaridan kelib chiqib, sovg‘a hozirlasangiz bo‘ladi. Masalan, qiziqarli kitoblar xadya qilsangiz, ularning kelajakda bilimli insonlar bo‘lib yetishiga o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.
Tilagimiz, kirib kelayotgan Yangi yil mo‘jizalarga boy bo‘lsin!
Xurshida HUSENOVA
soglom.uz/tavsiya/bolajonlar-uchun-bayram-sovgasini-tanlaymiz/