Jo‘xorining foydali xususiyatlari
Tillarang tusdagi, issiqqina makkajo‘xori donachalarini tanovul qilish barchaga xush kayfiyat baxsh etadi. Ayniqsa, undan taralayotgan yoqimli hid ishtahani qitiqlaydi.
Bilasizmi, makkajo‘xori dunyo bo‘yicha eng ko‘p ekiladigan ekinlar orasida bug‘doy va guruchdan so‘ng uchinchi o‘rinda turadi. Uning Vatani Markaziy va Janubiy Amerika hisoblanadi. Donining tarkibida 9-10 foiz oqsil, 4-6 foiz moy, 65-70 foiz uglevod V, V2, V6, Ye vitaminlari mavjud. Uning sarg‘ish navlarida provitamin A, nikotin va pantanen kislotalar, flavonoidlar uchraydi.
Makkajo‘xori juda mahsuldor va turli maqsadlarda ishlatiladigan ekin turidir. Uning doni un, yorma, bodroq, shirin qalamchalar, makkajo‘xori moyi va kraxmal-patoka, pivo, spirt sanoatlarida ishlatiladi. Mazkur mahsulotning donidan kraxmal va yog‘ olinadi. Popugi esa tibbiyotda keng ishlatiladi. Popuklar tarkibida 2,5 foizgacha yog‘, 0,12 foiz efir moyi, saponinlar, flavanoidlar, organik kislotalar, glikozidlar, S va K vitaminlar, karotin va boshqa zarur moddalar mavjud.
150 gramm jo‘xori bilan katta yoshli insonlarning V 1 vitaminiga bo‘lgan talabini qondirish mumkin. Yana uning tarkibida sklerozdan himoya qiluvchi va antitoksin hisoblangan vitamin Ye ham mavjud. Doimiy tarzda jo‘xorini iste’mol qilish yurak insulti va saraton xavfini oldini oladi.
Uning mevasidan olingan moy qon tarkibidagi xolesterinni kamaytirish, arteroskleroz kasalligini davolash va oldini olish uchun qo‘llaniladi. Shu bilan birga, organizmda moddalar almashinuvini yaxshilashda, qandli diabet, nefrit, buyrak-tosh va xolesistit kasalligi, o‘t va siydik haydovchi vosita sifatida ishlatiladi. Makkajo‘xoridan olingan kraxmal bolalar uchun sepiladigan dorilar tarkibiga kiradi.
Jo‘xori temir, kalsiy, fosfor, magniy va boshqa mikroelementlarning manbai sanaladi. Unda Mendeleev jadvalidagi elementlarning 26 turi mavjud. Tarkibidagi V, Ye, A, RR vitaminlari insonni ruhiy zo‘riqishdan xalos qilib, soch va terining sog‘lom bo‘lishiga yaxshi ta’sir o‘tkazadi. Shuningdek, u yoshartiruvchi xususiyatga ega mahsulot sanaladi. Qaynatilgan jo‘xori o‘zidagi foydali xususiyatlarni yo‘qotmaydi. Uning tarkibiga kiruvchi lizin va triptofan oshqozon-ichak qobiliyati va mushaklar tonusini yaxshilashga xizmat qiladi.
Qaynatilgan jo‘xori qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun tavsiya etiladi. U qand miqdorini normallashtiradi, allergiyaga moyilligi bor insonlarga, kamqonlikdan aziyat chekuvchi, jigar, yurak xastaligi bilan og‘rigan kishilarga yaxshi foyda beradi.
Yana o‘qing: TIBBIY KO‘RIK – nasl salomatligining muhim omili
Ammo bosh og‘rig‘i va oshqozon-me’da faoliyatida muammosi bor insonlarga qaynatilgan jo‘xoridan ko‘p miqdorda iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi.
Fazilat SA’DULLAYEVA,
1-respublika tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi
soglom.uz/tavsiya/joxorining-tillarang-donachalari-yoxud-uning-foydali-xususiyatlari-haqida/