COVID-19dan tuzalgandan keyin ham isitma saqlanib qolishi mumkinmi?

«Tez yordam» ko‘rsatuvida mutaxassislar koronavirusdan tuzalayotgan organizmda ham nima sababdan harorat saqlanishiga izoh berdi:

Virusologiya instituti ilmiy xodimi Ra’no Qosimova:

«Bemorlar o‘zini yaxshi his qilib, nafas olishi, puls, saturatsiyasi joyida bo‘lsa ham, lekin harorat tushmasligi mumkin. Bu jarayon 4 yoki 6 haftagacha 37° haroratni qayd etishi mumkin.

Bundan xavotirlanish, isitma tushiruvchi dori vositalarini qabul qilish kerak emas. Harorat sekin-astalik bilan tushib boraveradi».

Immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayeva:

«Har bir organizm o‘z algoritmiga binoan ishlaydi. Isitma tanada sodir bo‘layotgan barcha jarayonlarga universal reaksiya bildirishi mumkin. Miyada isitmaga reaksiya beruvchi gipotalamus bezi mavjud. Tanaga virus kirsa, o‘sha bezni qo‘zg‘atishga harakat qiladi.

Kasallik alomatlarsiz kechayotgan paytda ham hujayralar ishlaydi. Shuning uchun bemorlarda virus xavfi kam bo‘lsa yoki mavjud bo‘lmasa ham, miyadagi bez tanaga buyruq berib turadi. Ayrim bemorlarda kasallik chekinsa ham, miyadagi bez reaksiyasi to‘xtamaydi va natijada isitma 4 haftagacha davom etishi mumkin».

sof.uz