Topishmoq va tez aytishlar
TOPISHMOQLAR
***
Quyoshda tovlanadi,
Shirasi til yoradi.
Hidi tutar falakni,
Biz yesak…
***
U boʻladi yongʻoqli,
Murabbo va qaymoqli.
Shokoladli, pushti oq,
Muzdekkina…
***
Toʻni yashil, ichi qizil,
Qoʻlga olsang zilu zambil.
Pishar vaqti yozu kuz,
Uning nomidir…
***
Oʻrtogʻim ruchka, qalam,
Bir chiziq, katak dalam.
Ikkichiga kaptarman,
Aʼlochiga…
***
Qattiq, yumshoqdir jsmim,
Xatoni oʻchirgum jim.
Eng yaqin doʻstim chizgʻich,
Meni derlar…
***
Kech kuzgacha uzilmas,
To yozgacha buzilmas.
Derlar ming dardga davo
Uning nomidir…
***
Taomiman Navroʻzning,
Umidiman rizq-roʻzning.
Doshqozonda pishaman,
Goh koʻpirib toshaman.
Ijobat boʻlar tilak,
Pishirsa kim…
***
Bargim ingichka,
Qad-bastim novcha.
Hidlab koʻr hargis,
Ismimdir…
***
Gullari mayda-mayda,
Boʻyogʻi siyoh rangda.
Sogʻintirib xush atrin,
Ochiladi…
***
Yer tagida yetilar,
Koʻp vitaminli boʻlar
Shirasi bor, lek tuzsiz,
Palov pishmaydi usiz.
***
Yogʻib qolsa qor, yomgʻir,
Izlab qolasiz zir-zir.
Men-la boshingiz omon,
Men-la yoʻlingiz ravon.
***
Yugurib yetolmaysiz,
Bir zum toʻxtatolmaysiz.
Kim mazmunli oʻtkazar,
Kim behuda-yu bekor.
***
U gilosning ukasi,
Biroz nordon mazasi.
***
Ichida gʻij-gʻij bilim,
Unda hayot yashirin.
***
Kitob, daftar, qalamlar
Bir yerga toʻp jamlanar.
***
Toʻrqovoqdan uyi bor,
Sayrasa qoʻshigʻi bor.
***
Yashash joyi Afrika,
Boʻyni uzun va tikka.
***
Gugurt qutidek kelar,
Uzoqni yaqin qilar.
***
Ninasi koʻp tikolmaysan,
Koptok qilib oʻynolmaysan.
***
Oylarning eng boshiman,
Qishning koʻzu qoshiman.
Yozaman oq dasturxon,
Yangi yil menga mehmon.
***
Chimchilaydi yuzingni,
Yoshlatadi koʻzingni.
Ignasin sanchib olar,
Burning qizarib qolar.
***
Ochlik va suvsizlikni
Yengib oʻtgan jonivordir,
“Choʻl kemasi” atalgan
Koʻp mashhur nomi bordir.
***
U bahorning uchogʻi,
Bolalarning oʻyinchogʻi.
Katta-kichik qamishlar
Bu uchoqning belbogʻi.
***
Tekis, toʻrtburchak taxta
Bahs maydonga aylanar.
Oq va qora raqiblar
Naq hujumga shaylanar.
***
Baliq emas suzadi,
Bogʻ-dalani kezadi.
Chuvalchang, qurt-qumursqa
Boʻlar unga ozuqa.
TEZ AYTISHLAR
Muzxonada muzlagan muzdekkina muzqaymoq.
***
Sojida-yu Saodat sinfdosh va sirdoshlar.
***
Chang koʻchani changitib chuqur soyda choʻmildim.
***
Oʻlmas, Oʻktam oʻrtoqlar,
Oʻt oʻrishdi oʻtloqda.
***
Qora, qizil qalamni qalamdonga qamadim.
***
Katta-katta koʻzmunchoq,
Koʻylagimga koʻrk munchoq.
***
Chirq-chirq-chirq, chugʻurladi chugʻurchuq.
***
Chori chayilgan choynakka choyni chamalab soldi.
***
Yozda yoqqan yoz yomgʻiri yon atrofga yogʻdek yoqdi.
***
Talʼat taʼtilda tanlovga tayyorlandi.
***
Qahraton qishning qahri qargʻani quvontirdi.
***
Chumchuq, chittak chugʻurlashib
Chumolini choʻqir shoshib.
***
Tolib toʻpni topib tepdi,
Gʻolib toʻpni tolib tepdi.
***
Ignadirman ingichka,
Bellarim ip-ingichka.
***
Shirinnning shirchoyiga shiringina shirmoynon.
***
Qayiq qirgʻoqda qimirlab turibdimi,
Ayiq qirgʻoqda gʻimirlab yuribdimi?
***
Oʻyinni oʻylab oʻynadim,
Oʻyinni oʻynab oʻynadim.
***
Shavkat sharbatni Sharifga tutdimi,
Sharif Shavkatga sharini tutdimi?
***
Mastura va Mastona maktabda mahmadona.
***
Gunafshaning gullari gurillabdi, gullabdi.
***
Piyolalik ey bola,
Piyolang guli lola.
***
Qumrining qoʻgʻirchogʻi qimirlasa qiqirlar.
***
Qargʻa qagʻillar qar-qar,
Qirni qalin qor qoplar.
***
Qobil, Qoʻchqor va Qurbon
Qordan qurdilar qoʻrgʻon.
***
Qopin qoʻyib qorbobo
Qoʻlqopini qidirdi.
Qorqiz qalin qalpogʻin
Qulogʻiga qoʻndirdi.
***
Savatdagi sariq sabzi
Sargʻayibdi, soʻlibdi.
Saodat-chi sabzilarni
Suvga solib qoʻyibdi.
***
Mening mitti mushukcham
Mitti mushtlarin mushtlar.
***
Tuflining tagi tuproq,
Tozala Tolib tezroq.
***
Donogina Durdona Diyoraga dugona.
***
Raʼno rasmlariga rang-barang rang tanladi.
***
Qora qogʻozning qattiq qirrasi qoʻlimni qirqdi.
***
Bulut bulutga, burgut burgutga ergashadi.
***
Qora-qura qoʻzilar
Qirda quvonib oʻtlar.
***
Katakdagi kaklikka Karim kaftini tutdi.
***
Oʻroq oʻxshar soʻroqqa,
Soʻroq oʻxshar oʻroqqa.
***
Chuvalchang chuvalashib chirmoviqa chirmashdi.
***
Sumalakning sim-sim siri sayyohlarga soʻroq boʻldi.
***
Temur turnikda turibdimi,
Turgʻun tepada yuribdimi?
***
Erkin ekkan ekinlar
Dalani erkin enlar.
***
Sobirning sozi sozli,
Sahnada sof ovozli.
***
Yormat yozda oʻtin yordi,
Yorqin yordamga bordi.
***
U yon-bu yon yurar quyon,
Yov yovlasa yugurar quyon.
***
Mard maydonda mardona,
Nomard mardga begona.
***
Belbogʻini belga bogʻlab,
Bogʻbon bobo boqqa bordi.
***
Dorivor daraxt doʻlana
Mevasi dona-dona.
***
Koʻk koptokni kaftda tutib,
Koʻkka otdim kerilib.
***
Qora qargʻa qorga qoʻndi,
Qorni choʻqib, “qar” deb qoʻydi.
***
Qorboboning qoʻlida qop,
Qopida qat-qat oʻyinchoq.
***
Ana alpdek asil archa,
Ayiq, arslon ildi zarcha.
***
Bobo, bobo qorbobo,
Bogʻ-rogʻlarga boq bobo.
***
Taom taʼmin tuy oʻrtoq,
Tur oʻrningdan, tur tezroq.
***
Jamol, Jalol joʻralar,
Boqdi jajji joʻjalar.
***
Toʻrtta topqir topaloq,
Topishmoq topar quvnoq.
***
Koʻm-koʻk kurtak, koʻkatlar
Koʻklamga koʻrk koʻrsatar.
***
Botir, Boir, Bahodir,
Bilagi zoʻr bahodir.
TOPISHMOQLARNING JAVOBLARI
Xandalak, muzqaymoq, tarvuz, daftar, oʻchirgʻich, qovoq, sumalak, nargis, nastarin, sabzi, soyabon, vaqt, olcha, kitob, papka, bedana, jirafa, telefon, tipratikan, yanvar oyi, ayoz, tuya, varrak, shaxmat, oʻrdak.
Zahro HASANOVA
saviya.uz