Koreyada o‘qituvchilarning oylik maoshi ish stajiga qarab belgilanadi
Koreyada o‘qituvchilarning oylik maoshi toifa yoki dars soatiga qarab emas ularning ish stajiga qarab belgilanadi.
Xabaringiz bo‘lsa, yaqinda Xalq ta’limi vazirligining bir guruh delegatsiyasi Janubiy Koreyada bo‘lib qaytdi. Delegatsiya a’zosi Respublika ta’lim markazi direktor o‘rinbosari Isroil Tillaboyev koreyalik o‘qituvchilar faoliyati haqidagi ayrim qiziq ma’lumotlarni taqdim qilgandi.
Qiziq tarafi shundaki, Koreyada o‘qituvchilar oyligi dars soatiga bog‘liq emas ekan. Shuningdek, Koreya o‘qituvchilariga malaka toifasiga qarab ham maosh belgilanmaydi. U yerda ish stajiga qarab oylik maosh
to’lanadi. Masalan bir yil ish stajiga ega o‘qituvchidan ko‘ra ikki yil ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar ko‘proq maosh oladi. Ya’ni xodimning yillik staji ortib borgan sari oylik maosh ham shunga mutanosib ravishda oshib boraveradi.
Oylik maosh dars soatiga bog‘liq bo‘lmasada, lekin o‘qituvchilar hukumat tomonidan belgilab berilgan ma’lum bir dars soatlarini o‘tishi lozim. Misol uchun, boshlang‘ich ta’limda o‘qituvchilar 25 soat dars o‘tishlari kerak bo‘ladi. Agar o‘zining maktabida 20 soat dars bo‘lib qoladian bo‘lsa, 5 soat boshqa bir maktabdan qo‘shimcha dars beriladi. Aksincha, o‘qituvchi o‘zi ishlaydigan maktabda 30 soat dars bo‘lib qoladigan bo‘lsa, faqat 25 soatni o‘tadi xolos. Qolgan 5 soatga boshqa maktabdan mutaxasis jalb qilinadi.
❕Koreyada boshlang‘ich – ya’ni 1-6 sinflar uchun bir stafka dars soati 25 soatni, o‘rta – 7-9 sinflarda 18 soatni, yuqori – 10-11-12 sinflarda esa 16 soatni tashkil etadi.
Koreyada pedagogik institutni bitirgan har bir talaba birdan o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘illana olmaydi. Universtitetni bitirib, o‘qituvchilikka davogar bo‘lgan talabalar yana bir davlat imtihonidan o‘tishlariga to‘g‘ri keladi. Bu – ishga kirish imtihoni deb ataladi. Mana shu imtihondan o‘tgan fuqarolargina o‘qituvchi bo‘la oladi.
Mazkur imtihondan o‘tib, sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilarni 62 yoshga to‘lguniga qadar hech kim ishdan bo‘shatolmaydi. Ammo o‘qituvchilar faoliyati har yili baholab boriladi. Baholash natijalariga ko‘ra yuqori o‘rinlarni egallagan o‘qituvchilar maktab rahbarligi lavozimlariga tavsiya qilinadi. Shu zaylda ular eng quyi tizimdan boshlab vazirlik darajasigacha bo‘lgan lavozimlarni egallashi mumkin bo‘ladi.
Joylangan vaqt: 2022-09-07 11:39:20