Misr davlatining teleko‘rsatuvlaridan birida bir xayriya aksiyasi e’lon qilindi.
Unda bir bemorning ichki a’zosini ko‘chirish uchun 150,000 AQSH dollari zarurligi aytilib, ko‘ngillilardan yordam so‘raldi va hisob kartasi raqamlari havola qilindi. Odamlar darrov tashabbus ko‘rsatib, hisob raqamiga pullar o‘tkazishni boshlab yuborishdi. Ularning ko‘plari katta tadbirkorlar edi. Bu orada boshqa ko‘plab insonlar televideniya bilan bog‘lanib, holat yuzasidan so‘rab turishdi. Hech qancha vaqt o‘tmay 850,000 junayx pul yig‘ildi. Lekin e’tiborlisi bu emas. Gap shundaki, pul yig‘ish jarayonida bir kishi ikki dollar pul jo‘natdi. Bu Misr puliga 15 junayx degani edi. Ko‘plar katta miqdorda pul o‘tkazayotganda bunchalik oz pul o‘tkazish juda g‘alati edi. Bundan ajablangan teleboshlovchi shu pulni jo‘natgan kishi haqida so‘rishtirib, uning telefon raqamini topdi. Ushbu ishning tafsilotini so‘rash uchun unga qo‘ng‘iroq qildi. U yosh yigit ekan va savolga shunday javob berdi:
— «Ha, bu juda oz pul. Lekin u oylik daromadimning yarmi edi. Ali roziyallohu anhu: «Berganing ozligidan uyalma, chunki umuman bermaslik undan ham ozdir», deganlar.
Men yordam qo‘lini cho‘zishni istadim, befarq bo‘la olmadim».
Bu jonli ko‘rsatuv juda ta’sirli edi. Telefondagi muloqotdan esa tomoshabinlarning ham qalbi junbushga keldi.
Hali pul yig‘ish jarayoni davom etar edi. Shu vaqt teleboshlovchi navbatdagi qo‘ng‘iroqni qabul qildi. Bu galgi kishi ushbu xayriya aksiyasida qatnashmoqchiligini va 8000 dollar ajratganini, uning 4000 gi bemorga, qolgan 4000 gi esa haliki ikki dollar jo‘natgan yigitga ekanini aytdi. Keyin yana boshqasi telefon qilib, 5000 dollar o‘tkazishini, uning yarmi bemorga, yarmi esa haligi yigitga, dedi.
Ko‘rsatuv so‘ngigacha operatsiya uchun istalgan mablag‘ to‘liq yig‘ildi. Unga qo‘shimcha boyagi yigitga ham ancha pul o‘tkazildi.
Endi voqea yanada qiziq tus oldi. Teleboshlovchi kelasi ko‘rsatuvga shu yigit taklif qilinishini e’lon qildi. Yigit taklifni qabul qilib, ko‘rsatuvga tashrif buyurdi. U oddiy bir oiladan chiqqan oddiygina yigit ekan. Ish joyi haqida so‘rashgan edi u ayni vaqtda ishsiz ekanini, oldinroq bir joyda ishlagani lekin yo‘l kiraning qimmatligidan u yerdan ketganini aytdi. Jonli efirda uzatilayotgan bu ko‘rsatuvga har xil ish tashkilotlaridan qo‘ng‘iroq qilib yigitga ish taklif qila boshashdi. Yigit ulardan birini qabul qildi. Bu u uchun juda yaxshi taklif edi. Shu bilan yigit ko‘rsatuv nihoyasiga yetmasidanoq rasmiy ravishda ishga qabul qilindi.
Hadisi qudsiyda Alloh taolo shunday deydi:
«Ey Odam bolasi, sen bergin, senga ham beriladi».
Joylangan vaqt: 2022-08-27 21:59:09