Nega bolalarda notiqlik ko‘nikmasi yaxshi emas?
Ochig‘i, bu muammo haqida ko‘p yillardan beri o‘ylayman va o‘zimga-o‘zim ana shu savolni beraman.
Yoshlar bilan ko‘p suhbatlashaman. Afsuski, ularning aksariyatida so‘zlash va fikrlash qobiliyati deyarli yo‘q. Ba’zilari mustaqil fikrlashga ega bo‘lgani bilan so‘z boyligi yetmaydi, nutq aytishdan tortinadi va ko‘pchilik oldida gapirishga uyaladi, hayajonga tushadi.
Nega shunday? Keling, bir tahlil qilaylik.
Fanda notiqlik san’ati degan yo‘nalish bor. Bu auditoriya oldida so‘zlashish mahoratini, o‘z nutqi yordamida tinglovchilarga samarali ta’sir qilish sirlarini, notiqlik madaniyatini o‘rgatadi.
Lekin bizda bu fanga e’tibor deyarli yo‘q. Masalan, maktablarda ko‘plab o‘qituvchilarning nutqi noqis, zaif. Shuning uchun uning bilimi qanchalik chuqur va tugal bo‘lmasin, o‘ziga ham, o‘quvchiga ham ta’siri kam bo‘ladi. Ona tilida puxta, lo‘nda va shirador nutq tuza olish tajribasi va mahorati matematika o‘qituvchisi uchun ham birday zaruriy ehtiyoj sanaladi. O‘qituvchi ravon va go‘zal ifodalarga boy nutqi bilan o‘quvchilarini mahliyo etib, bermoqchi bo‘lgan bilimini yosh avlod shuuriga osonlikcha singdiradi.
Afsuski, maktabga o‘qituvchilarni ishga olish, ishga olgandan keyin uning notiqlik imkoniyatini nazorat qilib borish hech kimning xayoliga kelmaydi. Shuning uchun farzandlarimiz ham fikrini teran tushuntirish, maqsadini dadil aytish, rejalarini aniq ifoda etish, qolaversa, chiroyli suhbatlashish borasida qiynalishadi.
Shulardan kelib chiqib, maktab tizimida ma’naviyat, ma’rifat va nutq madaniyati ishlarini tubdan o‘zgartirish lozim. Birinchi navbatda ona tili va adabiyot hamda jamiyatshunoslik darslariga jiddiy islohotlar kiritilishi kerak. Darsliklarga yangi turdagi nutq so‘zlash va bahs qilish mahorati soatlarini kiritish lozim.
Bundan tashqari, yuqori sinflarda til va adabiyot darslarida qo‘shimcha bayon, ya’ni turli mavzu va kichik hikoyalar haqida mustaqil fikr yuritib yozma ishlarni kuchaytirish zarur, deb bilaman. Zero, nutq so‘zlash va yozma mustaqil fikr yuritish mahorati orqali har bir o‘quvchining bilim darajasi va saviyasi yaqqol ko‘rinadi.
Foziljon Abduraupov.
***
Bugun ushbu maqola muallifi F.Abduraupovning tug‘ilgan kuni.
Foziljon aka 1948 yil 13 avgustda Samarqand shahar Eski Qalandarxona mahallasida tug‘ilgan.
1968-1973 yillarda Samarqand davlat universitetining rus filologiyasi fakultetida tahsil olgan. So‘ngra salkam 20 yil «Leninskiy put» (hozirgi «Samarkandskiy vestnik») gazetasida tarjimon, muxbir, katta muxbir, bo‘lim boshlig‘i, birlashgan nashriyot direktori lavozimlarda faoliyat olib borgan.
2005 yildan 2016 yilgacha Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi «Oltin vodiy» gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari, mas’ul kotib bo‘lib ishlagan.
2017 yildan beri nafaqada. Ammo vaqtli matbuotda dolzarb maqolalari bilan qatnashib turadi.
Manba: zarnews.uz
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:37