GʻUSL

GʻUSL (arab. — choʻmilish) — pok boʻlish uchun butun badanni maxsus tartibda yuvish. Gʻusl jinsiy aloqa, ihtilom, hayzdan keyin farz boʻladi. Hanafiylik mazhabida Gʻuslning sharti 3 ta — ogʻizni gʻargʻara qilish, burunni yaxshilab yuvish, badanning hamma joyini suv bilan poklash. boshqa mazhablarda ogʻiz-burun chayish farz emas. Islomda bir haftada 1-marta (juma kuni), 2 hayit va arafa kunlari Gʻusl qilish sunnat sanaladi. Gʻusl katta tahorat deb ham ataladi. Gʻusl mayitga nisbatan ham ishlatilib, bu ishni gʻassol (yuvgʻuchi) bajaradi. Gʻusl haqida Qurʼonda zikr qilingan (5:6; 4:43).