GʻAZA

GʻAZA — shahar-qalʼa. Sirdaryo boʻyida joylashgan 7 shahar-qalʼadan biri. Aleksandr Sugʻdda Spitamen boshchili-gida qoʻzgʻolon koʻtarilganidan xabar topgach, sarkardasi Kraterni Kiropolga joʻnatib, oʻzi qarorgohiga yaqin joydagi shahar — Gʻ. ga qoʻshin tortgan. Gʻazaning paxsadan ishlangan, uncha baland boʻlmagan mudofaa devori boʻlgan. Makedon qoʻshini Gʻazani bir hamla bilan olish niyatida devor atrofiga shotular oʻrnatgan. Biroq mudofaachilar ularni agʻdarib tashlagan. Piyodalar hujumga tashlangan chogʻda, kamonchilar va sopqonchilar devor tepasidagi shahar mudofaachilarini oʻqqa tutishgan. Ularga qarshi oʻq otuvchi moslamalardan ham foydalanishgan. Oʻqlar yomgʻiri ostida qolgan Gʻaza mudofaachilari devor tepasidan pastga tushishga majbur boʻlishgan. Shunda makedonlar devorga yana shotularni qoʻyib devor tepasiga chiqqanlar. Gʻaza dagi barcha er-kak aholi Aleksandrning buyrugʻiga koʻra qatl etilgan; ayollar, bolalar va b. jangchilarga oʻlja sifatida berilgan.

Manba: A r r i a n , Poxod Aleksandra, M.-L., 1962.