GʻUBDINTOGʻ

GʻUBDINTOGʻ, Habduntogʻ — janubiy Nurota togʻlaridagi (Samarqand viloyati) tizma. Shim. da Qoʻytosh botigʻi orqali Nurota tizmasidan ajralib turadi, jan. da Zarafshon vodiysi bilan chegaralangan. Gʻarbdan sharqqa 30 km ga choʻzilgan. Oʻrtacha bal. 700—1000 m. Eng baland joyi 1672 m. Yon bagʻirlari soy, quruq oʻzan va jarliklar bilan kesilgan. Gʻubdintogʻ paleo-zoy davri slanes, qumtosh, ohaktoshlaridan tashkil topgan antiklinal strukturadir. Iqlimi kontinental, quruq, qishi nisbatan sovuq, yozi issiq. Yillik yogʻin 500 mm gacha. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi —2°, iyulniki 20—25°. Gʻ. ning yon bagʻirlarida tipik va toʻq boʻz, suvayirgʻich qismida chymli, jigarrang tuproqlar tarqalgan. Dashtga xos turli oʻt oʻsimliklari va soylar boʻyida butalar oʻsadi. Togʻ etaklari va yon bagʻirlarining quyi qismlari bahorikor dehqonchilikda va yaylov sifatida foydalaniladi. Gʻubdintogʻning sharqiy qismida Marjonbuloq oltin koni bor.