GʻISHT — qurilish materiali; toʻgʻri burchakli parallelepiped koʻrinishidagi sunʼiy tosh. Tabiiy va sunʼiy (mineral) materiallardan tayyorlanadi. Xom va pishiq turlarga boʻlinadi. Xom Gʻisht tabiiy sharoitda quritiladi. Pishiq Gʻishtni tayyorlashning «hoʻl» va «yarim quruq» usullari bor. Oddiy pishiq Gʻishtni «hoʻl» usulda tayyorlash uchun sogʻtuproqdan loy tayyorlanadi, yaxshilab pishitiladi, qoliplanadi, quritiladi va xumdonda pishiriladi. «Yarim quruq» usulga koʻra, 8—10% namliqdagi tuproq mas-sasi 120—150 kg/sm2 bosim ostida poʻlat qoliplarda maxsus presslarda presslanadi, keyin 1000° ga yaqin t-rada aylanma yoki tunnel xumdonlarda pishiriladi. Bu usul Gʻ. ning oʻlchamlari aniq va shakli toʻgʻri boʻli-shini taʼminlaydi. Siqilishga mus-tahkamlik chegarasi boʻyicha Gʻishtlar 5 markaga boʻlinadi: 150; 125; 100; 75; 50. «Hoʻl» usul boʻyicha tayyorlangan Gʻishtning hajmiy ogʻirligi oʻrtacha 1700 kg/m\ «yarim quruq» usulda tayyorlangan Gʻisht niki esa 1900 kg/m3 ni tashkil etadi. Hajmiy ogʻirligi 1400 kg/m3 dan kam boʻlgan yengil Gʻishtlar ham binokorlikda keng ishlatiladi. siqilishga mustahkamlik chegarasi 50 — 100 kg/sm2 va hajmiy ogʻirligi 1000 — 1400 kg/m3 boʻlgan Gʻishtlar imoratlarning yuk koʻtaruvchi devorlarini tiklashda qoʻllanadi. Siqilishga mustahkamlik chegarasi 35—50 kg/sm2 va hajmiy ogʻirligi 700—1000 kg/m3 boʻlgan yengil Gʻishtlar oddiy devorlarda, issiq — sovuqni oʻtkazmaydigan (izolyatsi-on) material sifatida hamda sinchli binolarda sinchlar orasini toʻldirishda ishlatiladi. Hajmiy ogʻirligi 500—700 kg/ m3 va mustahkamlik chegarasi past (6—15 kg/sm2) boʻlgan Gʻishtlar qozon, quvur va pechlarga qoplash uchun qoʻllanadi.
Gʻisht larning kovakli, koʻp teshikli, kislotaga, oʻtga chidamli maxsus xillari mavjud. Silikat Gʻishtlar ham ishlab chiqariladi. Silikat Gʻisht tayyorlash uchun kvars qumi (92—95%), ohak (5—8%) va suv aralashmasidan iborat massa yuqori bosim va t-ra ostida avtoklavlarda qotiriladi. Silikat Gʻisht sargʻish kulrang koʻrinishda boʻladi. Uning hajmiy ogʻirligi 1700 — 1900 kg/m\ Bunday Gʻishtlar fuqaro va sanoat binolarining yuk koʻtaruvchi devorlari va ustunlarini tiklashda ishlatiladi. Silikat Gʻishtlar namga, yuqori t-ra (500° dan ortiq) ga uncha chidamli boʻlmagani uchun pech va moʻrilarda, poydevor va sokollarda ishlatilmaydi.
Qad. oʻzbek milliy meʼmorligida kvadrat shaklidagi (24x24x5 sm) «mu-sulmon» Gʻ. lar keng rasm boʻlgan. Oʻzbekistonda 19-a. 2-yarmidan toʻrtburchak shaklli (28x13x7 sm va 37x23x9 sm oʻlchamli) «nikolay» Gʻ. lari ishlatilgan. Hozir asosan 25x12x6,5 sm oʻlchamli va bir yarimtali (25x12x8,8 sm) pishiq Gʻisht ishlatiladi.