YUSUPOV Odiljon (1928.19.5 Baliqchi tumani — 1993.4.9) — xonanda, sozanda (doira, dutor, gʻijjak). Oʻzbekiston xalq hofizi (1991). Namangan madaniioqartuv texnikumini tugatgan (1981). Xonandalik sanʼati hamda katta ashula yoʻllarini andijonlik H. Fozilov, M. Nishonov, Mamatxoʻja eshon, Saidali qori, Shokir qori va Joʻraxon Yusupovlardan oʻrgangan. Keyinchalik ular bilan hamnafas boʻlgan. Norin tumani xalq teatri xonandasi (1950—55), 1956-yildan Baliqchi tumani badiiy havaskorlik ansambli rahbari. Kuchli, baland, jarangdor ovoz sohibi, ijrosiga badihagoʻylik xos. Repertuaridan katta ashula («Boʻlib dilbar», «Ey sanam», «Quling», «Ey dilbari jononim» va boshqalar), ashula va maqom yoʻllari («Yor kelib ket», «Keldim», «Boqqancha boʻlmas», «Dugohi Husayniy» va boshqalar) oʻrin olgan. Akauka Vahobovlar, A. Shokirov, M. Rahmatullayev, oʻgʻillari — Abduvahob, Abdusattor, Zokirjon Odilovlar va boshqalarga ustozlik qilgan. Katta ashula ijrochisi sifatida (N. Saidnazarov bilan birga) Yevropa mamlakatlarida gastrolda boʻlgan (1985). Respublikada oʻtkazilgan koʻpgina musiqa festivallari va tanlovlari sovrindori. Baliqchi tumanida katta ashula ijrochilik mahorati maktabini tashkil qilgan (1990).