YELLOUSTON MILLIY PARKI

YELLOUSTON MILLIY PARKI — AQSHning shim.-gʻarbidagi qoʻriqxona. Vayoming, Montana, Aydaxo shtatlarida. Qoyali togʻlarning oʻrta qismida, bal. 2200—2500 m platoda joylashgan. Platoning atrofi bal. 3000—3600 m li togʻ tizmalari bilan oʻralgan. Mayd. 9000 km2. Y. m. p. — mamlakatdagi dastlabki qoʻriqxona, 1872-y. da tashkil etilgan. Parkning 90% hududi igna bargli qalin oʻrmon bilan qoplangan. Yellouston daryosida chuq. 360 m gacha, uz. 20 km li dara va bal. 94 m gacha boʻlgan sharsharalar bor, balchiq vulkani va koʻl koʻp, eng kattasi Yellouston koʻli (mayd. 139 km2). 3 mingga yaqin geyzer bor. Yirik hayvonlardan qora ayiq (baribal), qoʻngʻir ayiq (grizli), bugʻu, ohu, antilopa, koyot, bizon va b., qushlarning 200 ga yaqin turi mavjud. Yellouston milliy parkining tabiati manzarali, yiliga 4,5 mln. gacha turist keladi.