YUSUPOV

YUSUPOV Maxsum (1912.18.7 Toshkent — 1983.9.3) — Oʻzbekiston xalq artisti (1964). Toshkent politexnikumini tugatgan (1929). 1932-yildan Hamza teatrida ishlagan. Aktyorlikni ommaviy sahnalarda chiqishdan boshlagan. Yusupov nafaqat salbiy obrazlar, xarakterli rollar, balki qahramononadramatik rollar ustasi sifatida ham tanildi. Yusupov ijodi qahramon ichki kechinmalarini yetkazishga, nutq madaniyati, badiiy yechimga alohida eʼtibor berishi bilan ajralib turadi. Laert, Poloniy (U. Shekspir, «Hamlet»), Yoʻlchi (Oybek, «Qutlugʻ qon»), Norboyvachcha, Gʻofir (Hamza, «Xolisxon», «Boy ila xizmatchi»), Nodir (G. Mdivani, «Nomus»), Baxtiyor (B. Rahmonov, «Yurak sirlari»), Gʻoyib, Hamdam (Uygʻun, «Qotil», «Qaltis hazil»), Suqsurov (A. Q^ahhor, «Tobutdan tovush»), Keldiyev (Oʻ. Umarbekov, «Komissiya»), Roderigo (U. Shekspir, «Otello»), Xondamir (I. Sulton, Uygʻun, «Alisher Navoiy»), Sakkokiy (M. Shayxzoda, «Mirzo Ulugʻbek») kabi rollari bilan shuhrat qozondi. Yusupov kino («Fargʻona qizi»da Olimjon, «Suyunchi»da Eshmat va boshqalar) va televidenIe («Nur borki, soya bor»da Soqi Soqiyevich, «Girdob»da partkom va boshqalar)da ham rollar oʻynagan. «Nashtar» kinojurnalining doimiy ijrochilaridan boʻlgan.