YUSUPOV Matniyoz Abdalniyozovich (1925.1.1, Urganch — 1992.6.10, Toshkent) — kompozitor, sozanda (gijjak), xonanda, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1969). Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1960). Xorazm maqomlari va xalq musiqa merosini oʻzlashtirish, soz chalish va ashulachilikni oʻrganishda S. Yoqubov, M. Xudoyberganov, K. Otaniyozovlar Yusupovga ustozlik qilishgan. Xorazm viloyat estradasida sozanda (1940—43), 2-jahon urushi qatnashchisi (1943—44), Xorazm teatrida musiqa rahbari (1945—51). Urganch musiqa bilim yurtida direktor (1967—72), «Lazgi» ansamblining badiiy rahbari (1972—74). Oʻzbekiston radiokoʻmitasida musiqa muharriri (1974—85), Toshkent madaniyat in-tida dotsent (1985-yildan).
Yusupov opera («Xorazm qoʻshigʻi», 1964), balet («Gulsanam», 1974), musiqali drama va komediyalar («Gʻazal fojiasi», A. Bobojon pyesasi; «Dil koʻzgusi», H. Gʻulom; «Tun va noxun», Yu. Yusupov; «Muqaddas diyor», X. Rasul va boshqalar), simfonik asarlar, «Bilmaguncha», «Xorazm», «Bahor navosi», «Ishq kuyida», «Hijron», «Yorimga ayting», «Qalbi daryo» kabi qoʻshiqlar va boshqalar yozgan. Yusupov shirali ovoz sohibi, lirik xonanda boʻlib mumtoz va zamonaviy bastakorlar ashulalarini ijro etgan («Feruz», «Qoʻsh parda suvora», «Savti suvora», «Jonim sadqa», «Aqlu odobdandur», «Yozmishlar», «Dildorim kelur» va boshqalar). Ijrolari Oʻzbekiston radiosi fonotekasiga yozilgan. Xorazm xalq qoʻshiq va kuylari, maqom va suvoralari, doston qoʻshiqlarini, shuningdek, K. Otaniyozov asarlarini toʻplab notaga olgan va nashr ettirgan («Oʻzbek xalq muzikasi», 6 j., T., 1958; 7 j., T., 1960; Xorazm maqomlari, T., 13 j., 1980-87; «Uchirdim shunqor qushimni», T., 1987). Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1991).
As: Mahliyo, T., 1970; Shodiyona, T., 1977; Bir diyorki, T., 1981; Guldasta, T., 1985.
Otabek Yusupov.