YOTUGʻON

YOTUGʻON — qonunsimon koʻp torli soz. Oʻtmishda Oʻrta Sharqda, shu jumladan turkiy xalklarda mashhur boʻlgan. Yogʻochdan oʻyib (uz. 100—150 sm), toʻnkarilgan choʻziq togʻora shaklida yasalgan. Har bir tori ostida (sozlash uchun) harakatchan xaragi boʻlgan. Sozanda Yotugʻonni oldiga yotiq holda qoʻyib («yotiq arfa» nomi shundan), oʻng qoʻli b-n torlarni chertgan, chap qoʻli bilan torlar tebranishini toʻxtatgan. Abduqodir Marogʻiyning «Maqosid ul alhon» («Kuylarning maqsadlari») kitobida 17 torli Yotugʻon taʼriflangan. Gʻarbiy Sibirning baʼzi xalqlari (xakas, tuva, tofa) da Yotugʻonga oʻxshash chatkan, chattigan, chadagan nomli cholgʻu asboblar mavjud. 1960y. larda Qozogʻistonda 7 torli «jetigen» nomli soz yaratilgan (18a. etnografik maʼloʻmotlari asosida) va milliy cholgʻular orkestriga kiritilgan.