YOSIN

YOSIN — Qurʼon 36-surasining nomi. 83 oyatdan iborat. Makkada nozil boʻlgan. Arabcha «yo» va «sin» harflaridan olingan. Ayrim mualliflar bu harflar arabcha «yo, inson» iborasining qisqartirilgan shakli deb hisoblaydilar. Bu surada Qurʼonning muqaddas kitob sifatida Alloh tomonidan yuborilgani, unda musulmonlar uchun toʻgʻri yoʻl koʻrsatilgani, Muhammadning paygʻambarligi, uning pandnasihatlariga amal qilgan dindorlar oxiratda Alloh huzuriga qaytib borishi kabi islom dinining asosiy aqidaviy gʻoyalari ifodalangan. Shuning uchun Yo. Qurʼonning eng koʻp oʻqiladigan suralaridan biri sanaladi [mas, kasal odam boshida (q. Chilyosin), janozada, roʻza tutganda oʻqiladi]. Bu sura yozilgan qogʻoz baʼzan tumor xizmatini bajaradi. Yosin surasi mazmuni Muhammad (as) taʼlimotining mohiyatini tashkil etadi. Muhammad (as) bu surani Qurʼonning «magʻzi» deb hisoblaganligi haqida rivoyat bor.