YANGIARIQ TUMANI — Xorazm viloyatidagi tuman, 1926 yil 29-sentyabrda tashkil etilgan. Shim. dan Xonqa, sharqdan Bogʻot, gʻarbdan Xiva tumanlari, jan. dan Turkmaniston bilan chegaradosh. Mayd. 0,40 ming km2. Aholisi 84,5 ming kishi (2005). Tumanda 9 qishloq fuqarolari yigʻini (Gullanbogʻ, Gulobod, Kattabogʻ, Ostona, Oxunboboyev, Tagan, Chigʻirchi, Yangiariq, Quruqtom) bor. Markazi — Yangiariq qishlogʻi.
Tabiati. Tuman hududi viloyatning jan. sharqida joylashgan. Relyefi, asosan, pasttekislikdan iborat. Janubiy dagi kattagina maydon qum barxanlari bilan band. Obulkoʻl, Moʻltang, Shoʻrkoʻl, Jirmizkoʻl va boshqalar kollektorlar bor. Tuman xoʻjaliklari Ostona, Oqmachit, Quruqtom, Tagan, Kattabogʻ va Amudaryodan chiqqan magistral kanallaridan suv oladi. Tuman hududida koʻl koʻp. Ulugʻshoʻrkoʻl, Obulkoʻl, Tangali, Bayotkoʻl, Kichikkoʻl va boshqalar shular jumlasidan. Ularning aksariyati bir biri bilan tutashtirilgan. Tuman koʻllari baliqchilikda viloyatda yetakchi oʻrinni egallaydi. Koʻllar negizida ixtisoslashtirilgan baliq k-ti tashkil etilgan. Iklimi keskin kontinental. Yillik oʻrtacha t-ra 11,8°. Yanv. oyining oʻrtacha t-rasi — 4,5°, eng past t-ra —31°. Iyul oyining oʻrtacha t-rasi 27°, eng yuqori t-ra 45°. Vegetatsiya davri 208 kun. Yiliga 82 mm yogʻin tushadi. Yogʻinning asosiy qismi bahorda yogʻadi. Tuproqlari, asosan, shoʻrlashgan oʻtloq va oʻtloqi boʻz tuproqlardan iborat. Tuproq shoʻri kollektor yordamida yuvib turiladi. Yovvoyi oʻsimliklardan changal, oqbosh, yantoq, shoʻra, pechak, ajriq, qamish, yakan va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, quyon, ondatra, kalamush va boshqalar; parrandalardan oʻrdak, gʻoz, qashqaldoq, chagʻalay, qargʻa, chumchuq va boshqalar koʻp.
Aholisi, asosan, oʻzbeklar (96%), shuningdek, turkman, tatar, koreis, rus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2 ga 211,2 kishi.
Xoʻjaligi. Tumanda paxta tozalash, gʻisht, meva konservalash zdlari, taʼmirlash ustaxonasi, Oʻrta Osiyo — Markaz gaz quvurining 3kompressor st-yasi, Xorazm baliq kti, baliq dudlash sexlari, qurilish tashkilotlari, MTP, avtokorxona, 100 ga yaqin kichik, oʻrta biznes va yirik korxonalar, savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, dehqon bozori, 1100 dan ziyod mikrofirma bor. Oʻzbekiston — Turkiya qoʻshma korxonasi (kalava ip ishlab chiqariladi) ishlab turibdi. Shisha ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Tuman q. x., asosan, paxtachilik va gʻallachilikka ixtisoslashgan, shuningdek, chorvachilik, baliqchilik, pillachilik, sabzavotchilik, bogʻdorchilik ham rivojlangan. Q. x. da 8 shirkat xoʻjaligi, 2 aksiyadorlik jamiyati, 17 q. x. korxonasi, 6 xususiy ferma, 1 ijara xoʻjaligi faoliyat koʻrsatadi. Yangiariq tumanida jami ekin mayd. 13 ming ga dan ziyod, shu jumladan, 6,5 ming gektar yerga paxta, 1,7 ming gektarga yerga don, 164 ga yerga sabzavot ekinlari ekiladi. Yangiariq tumani dagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 30 mingdan ziyod qoramol, 19,8 mingga yaqin qoʻy va echki, 108 mingdan ziyod parranda boqiladi (2004).
Tumanda 40 umumiy taʼlim, bolalar sport maktabi, 4 kasb-hunar kolleji bor. Tuman markaziy kutubxonasi va uning 40 ta tarmogʻi, 24 klub muassasasi, madaniyat uylari faoliyat koʻrsatadi. Stadion, 34 sport zali va boshqalar sport inshootlari ishlab turibdi. Tuman markaziy kasalxonasi (210 oʻrin) va uning boʻlimlari, 2 tish davolash poliklinikasi, 14 feldsherakusherlik punkti, 2 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 7 qishloq vrachlik punkti, dorixonalar aholiga xizmat koʻrsatadi. Ushbu tibbiy muassasalarda 161 vrach, 714 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. Yangiariq tumani hududida Shayx Muxtor Valiy meʼmoriy majmuasi (14asr) saqlangan. 1936-yildan «Yangiariq ovozi» gaz. nashr etiladi (adadi 927; 2005-yil).