YALLA

«YALLA», Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan davlat vokal-cholgʻu «Yalla» ansambli — oʻzbek musiqiy estrada sanʼati rivojiga katta hissa qoʻshgan, respublikada yetakchi vokal-cholgʻu ansambl. 1970 yil Toshkent teatr va rassomlik sanʼati instituti qoshida in-t Oʻquv teatri direktori, shoir G. Rojkov va dastlabki musiqa rahbari — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, kompozitor Ye. Shiryayev tashabbusi bilan VIA shaklida tashkil topgan. Ishtirokchilari — F. Zokirov (1976-yildan badiiy rahbar, q. Zokirovlar), Sh. Nizomitdinov, L. Kandalova, B. Joʻrayev, S. Avanesov, A. Fatxullin, N. Boyxonova va boshqalar 1971-yil Oʻzbek konsert tarkibiga kirib, 1975-yil «Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan ansambl» unvoniga sazovor boʻlgan. 1970-yillar oxirida ansamblga Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar R. Ilyosov (musiqa rahbari va aranjirovkachi, 1994-yilgacha), J. Toʻxtayev, A. Aliyev, A. Toʻlaganovlar kelib qoʻshilgan. «Yalla» ijodida milliy ohang va usullari rok musiqa («blyuzrok», «soft rok», «roknroll» va boshqalar), Yevropa va Sharq musiqiy estrada shakllari hamda ommaviy musiqaning boshqa vositalari bilan uygʻunlashib, oʻziga xos, joʻshqin va jozibali uslub shakllanishiga asos boʻldi. Repertuaridan folkrok uslubida qayta ishlangan oʻzbek xalq qoʻshiq, yalla va ashulalari («Boychechak», «Yumalab-yumalab», «Qilpillama», «Gʻayra-gʻayra», «Xandalak» va boshqalar), oʻzbek kompozitorlari («Oʻzbekiston», S. Yudakov; «Qiz bola», E. Solihov; «Bahor qasidasi» F. YanovYanovskiy va boshqalar)ning aranjirovka qilingan asarlari va F. Zokirov bastalagan qoʻshiqlar («Majnuntol», «Sumalak», «Masxarabozlar», «Sen boʻlmasang yonimda», «Musiqali choyxona», «Leyli», «Uchquduq», «Shahrisabz», «Toshkentim onam», «Yurt ishqida yonaman», «Bugun bayram» va boshqalar) oʻrin olgan. Ayniqsa, «Yallamayorim» (1984) va «Musiqali choyxona» (1987) teatrlashtirilgan dasturlari mashhur boʻlib, Oʻzbekiston va koʻpgina chet mamlakatlarda namoyish etilgan. Ijrolari 10 dan ortiq gramplastinkaga yozilgan. Yevropa, Osiyo, Afrika va Amerika mamlakatlarida bir necha marta gastrolda boʻlgan.